30-modda. Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisining huquq va majburiyatlari
Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida (O‘RQ-604-son) · Sana: 17.02.2020 · Amalda
Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi:
maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari uchun qonunchilikda nazarda tutilgan huquqiy himoya kafolatlari, imtiyozlar va preferensiyalardan foydalanishga;
yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion vositasida ijaraga, binolarni, inshootlarni foydalanish uchun olishga, shu jumladan ijara huquqlari asosida olishga hamda ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun infratuzilma obyektlarini qurishga;
investitsiya bitimi va investitsiya loyihasini amalga oshirishning tarmoq jadvallariga muvofiq muhandislik-kommunikatsiya va yoʻl-transport infratuzilmasi bilan uni oʻz vaqtida taʼminlanishini maxsus iqtisodiy zona direksiyasidan talab qilishga;
maxsus iqtisodiy zona direksiyasi tomonidan maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchilariga koʻrsatiladigan, shu jumladan shartnoma asosida koʻrsatiladigan barcha turdagi xizmat turlaridan teng shartlarda foydalanishga;
oʻz mablagʻlari hisobidan maxsus iqtisodiy zonaning bosh rejasiga muvofiq investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan infratuzilma obyektlarini qurishga;
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa huquqlardan foydalanishga haqli.
Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi:
qonunchilikda va investitsiya bitimida nazarda tutilgan majburiyatlarini belgilangan muddatlarda bajarishi;
qonunchilik talablarini bajarishi;
investitsiya bitimi va biznes-rejalar boʻyicha majburiyatlarning bajarilishi toʻgʻrisidagi hisobotni maxsus iqtisodiy zona direksiyasiga taqdim etishi shart.
Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisining investitsiya bitimida nazarda tutilgan oʻz huquq va majburiyatlarini investitsiya bitimi boʻyicha barcha majburiyatlar bajarilguniga qadar boshqa yuridik shaxsga oʻtkazishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi oʻz faoliyatini ushbu Qonun va boshqa qonunchilik, shuningdek investitsiya bitimiga muvofiq amalga oshiradi.
