29-modda. Maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisi maqomini olish
Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida (O‘RQ-604-son) · Sana: 17.02.2020 · Amalda
Investitsiya loyihasini amalga oshirish maqsadida investor elektron onlayn-auksionga qoʻyilgan yer uchastkasini ijaraga yoki boʻsh turgan (foydalanilmayotgan) binoni olgan kundan eʼtiboran (bundan yer uchastkasi investorga tegishli boʻlgan hollar mustasno) besh ish kuni ichida maxsus iqtisodiy zona joylashgan yerdagi roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga oʻzi tashkil etayotgan tadbirkorlik subyektini yuridik shaxs sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun yoki investor tomonidan ilgari tashkil etilgan tadbirkorlik subyektini qayta roʻyxatdan oʻtkazish uchun hujjatlarni taqdim etadi.
Yuridik shaxs investitsiya bitimi imzolanganidan va Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilarining reyestriga kiritilganidan keyin maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomini oladi.
Investor tomonidan tashkil etilgan yuridik shaxs Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilarining reyestriga kirish uchun maxsus iqtisodiy zona direksiyasiga Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilarining reyestriga kiritilganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan miqdordagi toʻlovni toʻlaganidan keyin ariza bilan murojaat qiladi.
Maxsus iqtisodiy zona direksiyasi mazkur arizani olgan kundan eʼtiboran ikki ish kuni ichida yuridik shaxsni Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilarining reyestriga kiritadi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan shakldagi maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisi guvohnomasini beradi.
Maxsus iqtisodiy zonaning direksiyasi yuridik shaxs Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilarining reyestriga kiritilganidan keyin bir ish kuni ichida bu haqda tegishli soliq, bojxona va statistika organlarini xabardor qiladi.
