31-modda. Yuridik shaxsning maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomini yoʻqotishi
Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida (O‘RQ-604-son) · Sana: 17.02.2020 · Amalda
Yuridik shaxs quyidagi hollarda maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomini yoʻqotadi:
maxsus iqtisodiy zona tugatilganda;
yuridik shaxs tugatilganda (faoliyati tugatilganda);
yuridik shaxsning joylashgan joyi oʻzgarib, yangi joylashgan joyi maxsus iqtisodiy zona hududidan tashqarida boʻlgan taqdirda;
maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi investitsiya bitimi boʻyicha majburiyatlarini bajarmaganda;
maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisining arizasiga binoan;
maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisi qayta tashkil etilgan taqdirda, bundan soliq va bojxona toʻlovlari boʻyicha bir xil imtiyozlarga ega boʻlgan maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari oʻrtasida amalga oshiriladigan qoʻshib yuborish yoki qoʻshib olish mustasno.
Yuridik shaxsning maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomini yoʻqotishi toʻgʻrisidagi qaror maxsus iqtisodiy zonaning direksiyasi tomonidan maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat koʻrsatishini va ularni rivojlantirishni tashkil etish sohasidagi vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda qabul qilinadi.
Ushbu modda birinchi qismining beshinchi xatboshisida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha yuridik shaxsning maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomini yoʻqotganligi toʻgʻrisidagi qaror ustidan maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisi tomonidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.
Maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisi bilan investitsiya bitimi maxsus iqtisodiy zona direksiyasining qaroriga binoan bekor qilinadi va ishtirokchi Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilarining reyestridan chiqariladi.
Maxsus iqtisodiy zona direksiyasi maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisi Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilarining reyestridan chiqarilganidan keyin bir ish kuni ichida bu haqda maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisini, soliq, bojxona organlarini va statistika organlarini, shuningdek maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat koʻrsatishi va ularni rivojlantirishni tashkil etish sohasidagi vakolatli davlat organini va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarini yuridik shaxsning maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomini yoʻqotganlik sanasi va asoslarini koʻrsatgan holda yozma ravishda (shu jumladan elektron pochta orqali) xabardor qiladi.
Yuridik shaxsning maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomini yoʻqotishi soliq, bojxona imtiyozlari va boshqa preferensiyalar bekor qilinishiga olib keladi.
