20-modda. Maxsus iqtisodiy zonani tashkil etish, uning faoliyat koʻrsatish muddatini uzaytirish, chegaralarini oʻzgartirish va uni tugatish
Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida (O‘RQ-604-son) · Sana: 17.02.2020 · Amalda
Maxsus iqtisodiy zona Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan oʻttiz yil muddatga tashkil etiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori asosida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi maxsus iqtisodiy zonaning faoliyat koʻrsatishini va uni rivojlantirishni tashkil etish masalasi yuzasidan qaror qabul qiladi.
Maxsus iqtisodiy zonaning faoliyat koʻrsatish muddatini uzaytirish, chegaralarini oʻzgartirish va uni tugatish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga maxsus iqtisodiy zonani tashkil etish, faoliyat koʻrsatish muddatini uzaytirish, chegaralarini oʻzgartirish va uni muddatidan oldin tugatish toʻgʻrisida taklif kiritishlari mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kiritilgan taklifni u kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻttiz kun ichida koʻrib chiqadi va maʼqullangan taqdirda taklifni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritadi.
