19-modda. Maxsus iqtisodiy zonalar hududida taqiqlangan faoliyat
Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida (O‘RQ-604-son) · Sana: 17.02.2020 · Amalda
Maxsus iqtisodiy zonalar hududida faoliyatning quyidagi turlarini amalga oshirish taqiqlanadi:
ekologik standartlarga va mehnatni muhofaza qilish standartlariga javob bermaydigan ishlab chiqarishni;
qurol va oʻq-dorilar ishlab chiqarishni, qurol va oʻq-dorilar savdosini;
yadroviy materiallar va radioaktiv moddalar ishlab chiqarishni, yadroviy materiallar va radioaktiv moddalar savdosini;
alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarishni;
xom teriga ishlov berishni, hayvonlarni haydab boqishni yoki soʻyishni;
sement, beton, sement klinkeri, gʻisht, temir-beton plitalar ishlab chiqarishni, koʻmir, ohak va gipsdan mahsulot ishlab chiqarishni;
barcha turdagi chiqindilarni qayta ishlash, parchalash, yoqish, gazlashtirish, ularga kimyoviy vositalar bilan ishlov berish, ularni yakuniy va (yoki) vaqtincha saqlash va (yoki) yer ostiga koʻmib tashlashni;
neftni qayta ishlash zavodlarini, atom elektr stansiyalarini, yadroviy qurilmalarni, radiatsiyaviy manbalarni, qayta ishlangan yadroviy yoqilgʻi, radioaktiv moddalar va chiqindilar, shuningdek boshqa radioaktiv chiqindilarni saqlash, utilizatsiya qilish va qayta ishlash uchun moʻljallangan punktlar hamda qurilmalarni joylashtirishni.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan maxsus iqtisodiy zonalar hududida faoliyatning ayrim turlariga nisbatan taqiq va cheklovlar joriy etilishi mumkin.
