21-modda. Maxsus iqtisodiy zonani tashkil etish, uning faoliyat koʻrsatish muddatini uzaytirish, chegaralarini oʻzgartirish yoki uni tugatish uchun taqdim etiladigan hujjatlar
Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida (O‘RQ-604-son) · Sana: 17.02.2020 · Amalda
Maxsus iqtisodiy zonani tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifga quyidagilar ilova qilinadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus iqtisodiy zonani tashkil etish toʻgʻrisidagi qarori loyihasi, unda maxsus iqtisodiy zonaning nomi, u qancha muddatga tashkil etilayotganligi, maxsus iqtisodiy zonani tashkil etish maqsadi va uning turi, uning maxsus huquqiy rejimi xususiyatlari, faoliyatiga oid va tarmoq ixtisoslashuvi, maxsus iqtisodiy zonaning umumiy maydoni hamda chegaralarining tavsifi, uning tashkil etilishini va rivojlantirilishini taʼminlash chora-tadbirlari koʻrsatiladi;
aniq tadbirlar, bu tadbirlarni amalga oshirish uchun masʼul shaxslar va tashkilotlar, shuningdek maxsus iqtisodiy zonani rivojlantirish boʻyicha ishlarni moliyalashtirish manbalari koʻrsatilgan holda maxsus iqtisodiy zonani rivojlantirish dasturining loyihasi;
maxsus iqtisodiy zonaning moʻljallangan chegaralari chizib koʻrsatilgan holda yer-kadastr rejasining koʻchirma nusxasi;
maxsus iqtisodiy zonaning moʻljallanayotgan chegaralarida joylashgan yerlarning tarkibi, yer egalarining, yerdan foydalanuvchilarning, yer uchastkalari ijarachilarining va mulkdorlarining (ular mavjud boʻlgan taqdirda) roʻyxati hamda ularning maxsus iqtisodiy zonani tashkil etish uchun yer uchastkalarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga oʻtkazish uchun yozma roziligi;
tegishli hududdagi ijtimoiy, ekologik va iqtisodiy shart-sharoitlarni, moddiy va mehnat resurslari, kommunikatsiyalar bilan taʼminlanganlikni tahlil qilish asosida ishlab chiqilgan maxsus iqtisodiy zonani, uning turini tashkil etish zarurligi hamda mumkinligini asoslovchi biznes-reja, shuningdek maxsus iqtisodiy zona maxsus huquqiy rejimining taklif etilayotgan oʻziga xos xususiyatlarining moliyaviy-iqtisodiy asosi;
maxsus iqtisodiy zona direksiyasi ustavining loyihasi (agar direksiya davlat muassasasi shaklida tashkil etilayotgan boʻlsa).
Maxsus iqtisodiy zonaning faoliyat koʻrsatish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi taklifga quyidagilar ilova qilinadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus iqtisodiy zonaning faoliyat koʻrsatish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi qarori loyihasi;
maxsus iqtisodiy zonaning faoliyat koʻrsatish muddatini uzaytirish zarurati va imkoniyatining asoslari.
