40-modda. Seleksiya yutugʻidan foydalanish huquqini boshqa shaxsga berish
Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida (270-I-son) · Sana: 30.08.1996 · Kuchini yo'qotgan
Patent yoki guvohnoma berish haqidagi talabnomada yoxud berilgan patent yoki guvohnomada koʻrsatilgan nav yoki zot litsenziya shartnomasining mavzusi boʻlishi mumkin.
Patent egasi boʻlmagan har qanday jismoniy yoki yuridik shaxs patent yoki guvohnoma bilan himoya qilingan seleksiya yutugʻidan patent egasining ruxsati bilangina litsenziya shartnomasi asosida foydalanishga haqlidir.
Patent egasi Patent idorasiga seleksiya yutugʻidan foydalanish huquqini har qanday shaxsga berish toʻgʻrisida ariza topshirishi mumkin (ochiq litsenziya). Bu holda patent yoki guvohnomani oʻz kuchida saqlaganlik uchun undiriladigan boj yoki yigʻim ellik foizga kamaytiriladi.
Patent egasining ochiq litsenziyaga boʻlgan huquqni boshqa shaxsga berish toʻgʻrisidagi arizasi chaqirib olinmaydi.
Ochiq litsenziyani sotib olish istagini bildirgan shaxs patent egasi bilan toʻlovlar toʻgʻrisida shartnoma tuzishi shart. Shartnoma tuzish shartlariga doir nizolar sud tomonidan qarab chiqiladi.
Patent egasi maxsus litsenziya yoki maxsus boʻlmagan (oddiy) litsenziya bergan holda seleksiya yutugʻidan foydalanish huquqini boshqa shaxsga oʻtkazishi mumkin.
Maxsus litsenziya berilganida litsenziat seleksiya yutugʻidan shartnomada aytib oʻtilgan doirada foydalanish uchun mutlaq huquq oladi, seleksiya yutugʻidan foydalanish huquqining litsenziatga berilmaydigan qismi litsenziarda saqlanib qoladi.
Maxsus boʻlmagan litsenziya berilganida litsenziar seleksiya yutugʻidan foydalanish huquqini litsenziatga berib, seleksiya yutugʻiga berilgan patent yoki guvohnomadan kelib chiqadigan barcha huquqlarni, shu jumladan uchinchi shaxslarga litsenziya berish huquqini ham oʻzida saqlab qoladi.
Patent idorasi roʻyxatga olingan litsenziya shartnomalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qiladi.
