14-modda. Patent yoki guvohnomaga boʻlgan huquq
Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida (270-I-son) · Sana: 30.08.1996 · Kuchini yo'qotgan
Patent yoki guvohnoma olish huquqiga seleksiyachi (seleksiyachilar) yoki uning huquqiy vorisi (huquqiy vorislari) ega boʻladi.
Basharti bir necha shaxs birgalikda bitta seleksiya yutugʻi yaratgan boʻlsalar, patent yoki guvohnoma olish huquqiga ularning hammasi ega boʻladi. Ulardan bittasining yoki bir nechasining patent yoxud guvohnomaga boʻlgan huquqdan voz kechishi boshqalarning patent yoki guvohnoma olish tadbirida ishtirok etishiga daxl qilmaydi.
Seleksiyachining oʻz xizmat vazifalarini, aniq topshiriqni bajarishi bilan bogʻliq holda yoki ish beruvchi tashkilotning oʻziga xos jihatini tashkil etuvchi bilim va tajriba yordamida yaratgan seleksiya yutugʻiga beriladigan patent yoki guvohnomani olish huquqiga ish beruvchi ega boʻladi.
Seleksiya yutugʻiga boʻlgan huquqni boshqa shaxsga berish seleksiyachi bilan ish beruvchi oʻrtasidagi shartnomada rasmiylashtiriladi.
Seleksiyachi yoki uning huquqiy vorisining patent yoki guvohnomani boshqa shaxsga berish toʻgʻrisidagi talabnomasi yoki arizasida koʻrsatilgan har qanday shaxs, basharti bu ariza Patent idorasiga patent yoki guvohnoma berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinishiga qadar tushgan boʻlsa, patent yoki guvohnoma olish huquqiga ega boʻladi.
Agar bir necha shaxs bir-biridan holi ravishda seleksiya yutugʻini yaratgan boʻlsa, patent yoki guvohnoma olish huquqiga Patent idorasiga oldinroq talabnoma topshirgan va bu talabnomasi chaqirib olinmagan yoki rad etilmagan shaxs ega boʻladi.
Seleksiya yutugʻining patenti yoki guvohnomasiga boʻlgan huquq, shuningdek ularni olish huquqi meros boʻlib oʻtadi.
Patent egasi patent yoki guvohnoma bilan himoya qilinadigan seleksiya yutugʻiga doir huquqdan har qanday jismoniy yoki yuridik shaxs foydasiga voz kechishi mumkin.
Seleksiyachi, basharti oʻzi yaratgan yutuqqa boshqalar tomonidan gʻayriqonuniy ravishda talabnoma berilgan yoki patent yoxud guvohnoma olingan boʻlsa, himoya hujjati berilishiga qarshi sud tartibida eʼtiroz bildirish yoki himoya hujjati patent egasi sifatida oʻziga berilishini talab qilish huquqiga ega.
Patent idorasining va ixtisoslashtirilgan tashkilotlarning xizmatchilari ana shu tashkilotlarda ishlagan butun davrida ham, ishdan ketganlaridan keyin bir yil davomida ham patent yoki guvohnoma olish, shuningdek oʻzlarini seleksiyachi sifatida koʻrsatish huquqiga ega emas.
