13-modda. Seleksiya yutugʻining patenti va guvohnomasi
Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida (270-I-son) · Sana: 30.08.1996 · Kuchini yo'qotgan
Seleksiya yutugʻiga boʻlgan huquq patent yoki guvohnoma bilan tasdiqlanadi.
Patent himoyaga layoqatlilik mezonlariga javob beradigan va Oʻzbekiston Respublikasida himoya qilinadigan botanik va zoologik navlar hamda turlarga taalluqli seleksiya yutugʻiga beriladi.
Patent seleksiyasi yutugʻining yangilik ekanligini, farqlanishini, oʻxshashligi va barqarorligini, shuningdek patentga egalik qiluvchining seleksiya yutugʻi nomiga, unga egalik qilishga, uni tasarruf etish va undan foydalanishga boʻlgan huquqini tasdiqlaydi.
Guvohnoma oʻxshashlik va barqarorlik mezonlariga javob beradigan hamda Oʻzbekiston Respublikasida himoya qilinadigan va himoya qilinmaydigan botanik va zoologik turlar hamda xillarga taalluqli seleksiya yutugʻiga beriladi.
Guvohnoma guvohnomaga egalik qiluvchining seleksiya yutugʻining nomiga boʻlgan huquqini, unga egalik qilish, uni tasarruf etish va undan foydalanish huquqini tasdiqlaydi.
Patentga egalik qiluvchi va guvohnomaga egalik qiluvchining huquqi seleksiya yutugʻi roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisida Patent idorasining rasmiy byulletenida maʼlumot eʼlon qilingan kundan eʼtiboran amalda hisoblanadi.
Patentning, guvohnomaning amal qilish muddati seleksiya yutugʻi Davlat reyestrida roʻyxatga olingan kundan eʼtiboran yigirma yilni, tok, yogʻochbop, manzarali, mevali daraxtlar va oʻrmon oʻsimliklari, shu jumladan ularning payvandtaglari uchun yigirma besh yilni tashkil etadi.
Patent va guvohnomaning amal qilish muddati patent egasining iltimosnomasiga binoan koʻpi bilan oʻn yilga uzaytirilishi mumkin.
