12-modda. Seleksiya yutugʻining nomi
Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida (270-I-son) · Sana: 30.08.1996 · Kuchini yo'qotgan
Seleksiya yutugʻining talabnoma topshiruvchi taklif etgan va Patent idorasi tomonidan qabul qilingan nomi boʻlishi lozim.
Seleksiya yutugʻining nomi seleksiya yutugʻiga mos boʻlishi, qisqa boʻlishi, shu yoxud shunga yaqin botanik yoki zoologik turdagi mavjud seleksiya yutuqlarining nomidan farqlanib turishi kerak. Seleksiya yutugʻining nomi faqatgina raqamlardan iborat boʻlib kolmasligi, seleksiya yutugʻining xususiyatlari, kelib chiqishi, ahamiyati haqida, seleksiyachining (seleksiyachilarning) shaxsi haqida yanglishishlarga sabab boʻlmasligi, insonparvarlik va axloq qoidalariga zid boʻlmasligi lozim.
Oʻsimlik navi yoki hayvon zotining nomi Davlat reyestrida qayd etilishi bilan bir vaqtda unga himoya etiladigan oʻsimlik navi yoki hayvon zoti toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritib qoʻyiladi.
Basharti seleksiya yutugʻini himoya qilish talabnomasi Oʻzbekiston Respublikasi va boshqa davlatlarda topshirilsa, seleksiya yutugʻining nomi bu talabnomalarda bir xil boʻlishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida yoki Oʻzbekiston Respublikasi seleksiya yutuqlarini himoya qilish toʻgʻrisida shartnoma tuzgan mamlakat hududida navning urugʻi yoki koʻchatini yoxud zotdor hayvonlar guruhini sotishni taklif etayotgan yoki sotayotgan har qanday shaxs ana shu nav yoki hayvon zotining nomidan, basharti uchinchi shaxslarning huquqlari toʻsqinlik qilmaydigan boʻlsa, hatto ana shu nav yoki hayvon zotiga berilgan patentning amal qilish muddati tugaganidan keyin ham foydalanishi shart.
