62-modda. Kredit tashkilotlari xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish boʻyicha chora-tadbirlar
“Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-582-son) · Sana: 11.11.2019 · Amalda
Markaziy bank kredit tashkilotlari xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish boʻyicha vazifalarni bajarish uchun quyidagi choralarni koʻradi:
kredit tashkilotlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar toʻgʻrisidagi axborotni oshkor etish tartibini belgilaydi;
kredit tashkilotlari faoliyatidagi ularning xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlari buzilishiga olib keluvchi tizimli kamchiliklarni aniqlaydi, shuningdek ularni bartaraf etish choralarini koʻradi;
oʻz xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlari buzilishiga yoʻl qoʻygan kredit tashkilotlariga nisbatan choralar va sanksiyalar qoʻllaydi;
kredit tashkilotlari xizmatlari isteʼmolchilarining buzilgan huquqlarini tiklash borasida maslahatlar beradi va koʻmaklashadi;
moliyaviy xizmatlarning ochiqligini hamda aholining va tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy savodxonligi darajasini oshirish choralarini koʻradi.
Markaziy bank xalqaro tajribani va Oʻzbekiston Respublikasi moliya bozorining oʻziga xos xususiyatini inobatga olgan holda moliyaviy ochiqlik indikatorlarini belgilaydi hamda oʻzining rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi.
Markaziy bankda kredit tashkilotlari xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish xizmati tashkil etiladi.
Markaziy bank nazorat tadbirini oʻtkazishga haqli boʻlib, uning jarayonida Markaziy bank xodimlari kredit tashkiloti tomonidan bank xizmatlarining isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirish chogʻida oʻz faoliyatiga qoʻyiladigan talablarga rioya etilishini tekshirish maqsadida kredit tashkilotining faoliyati doirasida bitimlar tuzish yoki operatsiyalarni bajarish boʻyicha harakatlarni amalga oshiradi.
Nazorat tadbiri kredit tashkilotini oldindan xabardor qilmagan holda oʻtkaziladi.
