26-modda. Markaziy bankning pul-kredit siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish
“Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-582-son) · Sana: 11.11.2019 · Amalda
Markaziy bank narxlar barqarorligini taʼminlash maqsadidan kelib chiqqan holda quyidagi chora-tadbirlar vositasida pul-kredit siyosatini ishlab chiqadi va amalga oshiradi:
makroiqtisodiy koʻrsatkichlar, shu jumladan inflyatsiya koʻrsatkichlari prognozlarini shakllantirish, shuningdek uning maqsadli koʻrsatkichini belgilash;
kelgusi yil uchun pul-kredit siyosatining asosiy yoʻnalishlarini ishlab chiqish;
pul-kredit koʻrsatkichlarining maqsadli moʻljallarini belgilash;
qayta moliyalashtirish stavkasini va (yoki) asosiy stavkani, shuningdek Markaziy bankning pul-kredit operatsiyalari boʻyicha foiz stavkalarini belgilash;
Markaziy bankda banklarning majburiy zaxiralariga doir normativlarni, shuningdek majburiy zaxiralar summasiga nisbatan oʻrtachalash koeffitsiyentini belgilash;
pul bozorida likvidlilikni taqdim etish va uni olib qoʻyish boʻyicha operatsiyalar oʻtkazish;
ichki valyuta bozorida intervensiyalarni amalga oshirish;
Markaziy bankning kommunikatsiya siyosatini oʻtkazish.
