25-modda. Markaziy bankning xodimlari
“Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-582-son) · Sana: 11.11.2019 · Amalda
Markaziy bank xodimlarini ishga yollash, mehnat shartnomasini bekor qilish, ularning mehnatiga haq toʻlash shartlari va boshqa mehnatga oid munosabatlar Markaziy bank tomonidan qonunchilikka muvofiq belgilanadi.
Markaziy bank xodimlariga quyidagilar taqiqlanadi:
haq toʻlanadigan biror-bir boshqa turdagi faoliyat bilan shugʻullanish, bundan ilmiy va pedagogik faoliyat bilan shugʻullanish mustasno;
banklar va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning kuzatuv kengashlari tarkibiga kirish, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno;
oʻz xizmat majburiyatlarini bajarishi munosabati bilan oʻziga maʼlum boʻlib qolgan bank sirini tashkil etuvchi axborotni yoxud qonunchilikka muvofiq foydalanilishi cheklangan boshqa axborotni oshkor etish yoki uchinchi shaxslar manfaatlarini koʻzlab undan foydalanish.
Markaziy bank xodimlarini tadbirkorlik subyektlarining, shu jumladan kredit tashkilotlarining, toʻlov tashkilotlarining, toʻlov tizimlari operatorlarining, valyuta birjalarining, kredit byurolarining, banklar tomonidan autsorsingga topshirilgan xizmatlar va operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslarning, shuningdek konsolidatsiyalashgan tarzda nazorat qilinishi lozim boʻlgan shaxslarning moliya-xoʻjalik faoliyati tekshiruvlarini oʻtkazish uchun jalb etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Markaziy bank xodimlarining malakasini va kasbiy darajasini baholash tartibi Markaziy bank tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi.
