24-modda. Markaziy bank raisining oʻrinbosarlari
“Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-582-son) · Sana: 11.11.2019 · Amalda
Markaziy bank raisining birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari Markaziy bank raisining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.
Markaziy bank raisining birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari egallab turgan lavozimidan quyidagi asoslarga koʻra ozod qilinishi mumkin:
egallab turgan lavozimidan ozod qilish toʻgʻrisida sabablari koʻrsatilgan arizasiga koʻra;
oʻziga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;
sogʻligʻining holatiga koʻra oʻz xizmat vazifalarini bajara olmaganda, davlat tibbiy komissiyasining xulosasi asosida;
vafot etganda yoki sudning qarori bilan vafot etgan deb eʼlon qilinganda;
egallab turgan lavozimiga munosib boʻlmagan xatti-harakatlar sodir etganda, shu jumladan ushbu Qonunni qoʻpol ravishda buzganda va Markaziy bank manfaatlariga jiddiy zarar yetkazganda.
Ushbu Qonunda nazarda tutilgan vazifalarni amalga oshirish chogʻida manfaatlar toʻqnashuvlarining oldini olish, ularni aniqlash va boshqarish maqsadida Markaziy bank raisi oʻz oʻrinbosarlari, mustaqil tarkibiy boʻlinmalar rahbarlari oʻrtasida vakolatlarning taqsimlanishini, shu jumladan pul-kredit siyosatini amalga oshirish, xalqaro zaxiralarni boshqarish, moliya bozorlari sohasida bank tomonidan tartibga solish, nazorat qilish va tekshirishni amalga oshirish chogʻida vakolatlarning taqsimlanishini taʼminlashi shart.
