27-modda. Pul-kredit siyosatining asosiy yoʻnalishlari
“Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-582-son) · Sana: 11.11.2019 · Amalda
Markaziy bank har yili keyingi moliya yili boshlanishidan kamida oʻttiz kun oldin kelgusi yil uchun pul-kredit siyosatining asosiy yoʻnalishlarini ishlab chiqadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatini bu haqda xabardor etadi.
Pul-kredit siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagi axborotni:
oʻtkazilayotgan pul-kredit siyosatining asosiy prinsiplarini;
iqtisodiyotning oʻtgan davrdagi rivojlanish sharhini;
iqtisodiyotning rivojlanish istiqbollarini, asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar prognozini, shu jumladan inflyatsiya, toʻlov balansi va pul-kredit koʻrsatkichlarining prognozini;
kelgusi yil uchun inflyatsiyaning maqsadli koʻrsatkichlarini, pul-kredit siyosatining asosiy parametrlari va pul-kredit siyosati boʻyicha koʻrilayotgan choralarni, shuningdek pul-kredit siyosatining maqsadlariga erishish tavakkalchiliklari tahlilini oʻz ichiga oladi.
Markaziy bank oʻz rasmiy veb-saytida:
har yili — pul-kredit siyosatining asosiy yoʻnalishlarini;
har chorakda — pul-kredit siyosatining sharhlarini;
har oyda — pul-kredit siyosatining asosiy koʻrsatkichlarini, shu jumladan pul massasining dinamikasi va tarkibini, bank tizimiga doir statistik maʼlumotlarni, Markaziy bankning operatsiyalari toʻgʻrisidagi umumlashtirilgan maʼlumotlarni eʼlon qiladi.
Markaziy bank Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga pul-kredit siyosati va bank sektorining holati toʻgʻrisidagi har choraklik axborotni taqdim etadi.
