21-modda. Markaziy bank boshqaruvining majlislari
“Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-582-son) · Sana: 11.11.2019 · Amalda
Markaziy bank boshqaruvining majlislari oyiga kamida bir marta oʻtkaziladi.
Markaziy bank boshqaruvining majlislari Markaziy bank raisi tomonidan chaqiriladi. Majlislar Markaziy bank boshqaruvining kamida uch nafar aʼzosi talabi boʻyicha ham chaqirilishi mumkin.
Markaziy bank boshqaruvi majlislariga Markaziy bank raisi, rais boʻlmagan taqdirda esa uning birinchi oʻrinbosari yoki oʻrinbosarlaridan biri raislik qiladi.
Markaziy bank boshqaruvi aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda boshqaruv majlisi vakolatli boʻladi. Markaziy bank boshqaruvining qarorlari hozir boʻlgan aʼzolarning oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda, raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi boʻladi.
Markaziy bank boshqaruvi majlislari, qoida tariqasida, yopiq tartibda oʻtkaziladi.
Markaziy bank boshqaruvining ochiq majlislarini oʻtkazish rejalari, shu jumladan majlislarning kun tartibi, oʻtkaziladigan joyi hamda vaqti Markaziy bankning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
Markaziy bank boshqaruvining majlislari reglamentga muvofiq oʻtkaziladi.
Markaziy bank boshqaruvining toʻxtami qaror tarzida qabul qilinadi.
