22-modda. Markaziy bank raisi
“Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-582-son) · Sana: 11.11.2019 · Amalda
Markaziy bank raisi:
Markaziy bank va uning boshqaruvi faoliyatiga rahbarlik qiladi, bankning fondlarini tasarruf etadi hamda Markaziy bank zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi uchun javobgar boʻladi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida va xorijda Markaziy bank nomidan ishonchnomasiz ish yuritadi;
ichki audit xizmatiga rahbarlik qiladi;
Markaziy bank faoliyati masalalarini hal qiladi, bundan ushbu Qonunga binoan Markaziy bank boshqaruvining vakolatlariga kiritilgan masalalar mustasno;
Markaziy bank boshqaruvining qarorlarini imzolaydi, buyruqlar va farmoyishlar qabul qiladi;
Markaziy bankning faoliyatini va joriy operatsiyalarini tezkor boshqarishga doir harakatlarni bajaradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga hisobot taqdim etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida, vazirliklar va idoralarda, sudlarda, banklar va muassasalarda, xalqaro va chet el tashkilotlarida Markaziy bank faoliyatiga doir barcha masalalar boʻyicha Markaziy bank nomidan ish yuritadi;
ayrim masalalarni hal qilishni oʻz oʻrinbosarlariga, markaziy devonning tarkibiy boʻlinmalari rahbarlariga, Markaziy bankning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri boʻyicha bosh boshqarmalari rahbarlariga topshiradi;
jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining qabulini oʻtkazadi.
Markaziy bank raisining vakolat muddati — besh yil.
Markaziy bank raisi boʻlmagan taqdirda uning vazifalarini birinchi oʻrinbosari yoki oʻrinbosarlaridan biri bajaradi.
