20-modda. Markaziy bank boshqaruvining vakolatlari
“Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-582-son) · Sana: 11.11.2019 · Amalda
Markaziy bank boshqaruvi:
pul-kredit siyosatining asosiy parametrlarini, shu jumladan likvidlilikni berish va olib qoʻyish boʻyicha Markaziy bank operatsiyalarining hajmlari, limitlari va normativlarini, Markaziy bankning pul-kredit operatsiyalari boʻyicha foiz stavkalarini, shu jumladan qayta moliyalashtirish stavkasini va (yoki) asosiy stavkani, majburiy zaxira talablarining miqdorlarini (majburiy zaxiralar normativlarini, majburiy zaxiralarni oʻrtachalash koeffitsiyentini) va beriladigan kreditlarga doir taʼminot turlarining roʻyxatini belgilaydi;
kelgusi yil uchun pul-kredit siyosatining asosiy yoʻnalishlarini tasdiqlaydi;
Markaziy bankning normativ-huquqiy hujjatlarini tasdiqlaydi;
kredit tashkilotlari uchun islomiy moliya standartlarini tasdiqlaydi;
Markaziy bankning xalqaro tashkilotlarda ishtirok etishi, shuningdek xalqaro shartnomalar va bitimlar tuzishi hamda ularga qoʻshilishi masalasini koʻrib chiqadi;
pul belgilarining nominal qiymatini, namunalarini va ularni qaytarib olish shartlarini belgilaydi;
Markaziy bankning buxgalteriya hisobini, hisobotini va moliya-xoʻjalik faoliyatini yuritish tartibini belgilaydi;
banklar, shu jumladan tizimli ahamiyatga molik banklar, shuningdek banklar guruhlari, mikromoliya tashkilotlari, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari, kafolatlar berish tashkilotlari hamda faktoring tashkilotlari uchun prudensial normativlarni hisoblab chiqarish tartibini va ushbu normativlarning yoʻl qoʻyiladigan qiymatlarini belgilaydi;
kredit tashkilotlari uchun moliyaviy operatsiyalarni oʻtkazish, buxgalteriya hisobini yuritish qoidalarini tasdiqlaydi;
kredit tashkilotlari, banklar guruhlari va kredit byurolari uchun moliyaviy hisobotni tuzish va taqdim etish qoidalarini, uning tuzilishini va mazmunini tasdiqlaydi;
bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi va islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalarni berish, qayta rasmiylashtirish va chaqirib olish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
bankni sanatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
valyuta birjalarining va kredit byurolarining faoliyatini amalga oshirish huquqiga doir litsenziyani berish, litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish, litsenziyani qayta rasmiylashtirish hamda bekor qilish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
