24-modda. Koʻp kvartirali uyni bevosita joylarning mulkdorlari tomonidan boshqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilish
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida (O‘RQ-581-son) · Sana: 07.11.2019 · Amalda
Koʻp kvartirali uyni yuridik shaxs tashkil etmasdan bevosita joylarning mulkdorlari tomonidan boshqarish usulini bittadan koʻp boʻlmagan koʻp kvartirali uydagi joylarning mulkdorlari tanlashi mumkin.
Agar umumiy yigʻilish tomonidan koʻp kvartirali uyni bevosita joylarning mulkdorlari tomonidan boshqarish usulini tanlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan boʻlsa, shu yigʻilishning oʻzida mazkur uydagi joylarning mulkdorlari orasidan koʻp kvartirali uyning kengashi saylanadi.
Kvorum mavjud boʻlmagan taqdirda tashabbuskorlar umumiy yigʻilish oʻtkaziladigan yangi sanani tayinlaydi, ushbu umumiy yigʻilish boʻlib oʻtmagan paytdan eʼtiboran kamida qirq sakkiz soatdan keyin va oʻttiz kundan kechiktirmay chaqirilishi mumkin.
Joylarning mulkdorlari tomonidan koʻp kvartirali uyni bevosita boshqarish usulini tanlash toʻgʻrisidagi qaror joylar mulkdorlarining yoki ular vakillarining umumiy yigʻilishida hozir boʻlganlarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Agar mulkdor umumiy yigʻilishda shaxsan ishtirok eta olmaydigan boʻlsa, u koʻp kvartirali uyni boshqarish usulini tanlash toʻgʻrisidagi masala yuzasidan umumiy yigʻilish oʻtkazilguniga qadar, yigʻilish tashabbuskoriga mulkdorning mazkur masala boʻyicha fikrini aks ettiruvchi yozma shakldagi arizani topshirish yoʻli bilan ovoz berishga haqli.
Koʻp kvartirali uy bevosita joylarning mulkdorlari tomonidan boshqarilganda umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish va uni taʼmirlash boʻyicha uy-joy-kommunal sohasidagi tashkilotlar bilan xizmatlar koʻrsatishga doir shartnoma joylar mulkdorlari umumiy yigʻilishining qarori asosida koʻp kvartirali uy kengashining raisi tomonidan tuziladi. Bunda uchinchi shaxslar bilan munosabatlarda koʻp kvartirali uyning mulkdorlari nomidan joylar mulkdorlarining umumiy yigʻilishi vakolat bergan bir yoki bir necha joy mulkdori ishtirok etishga haqli.
