14-modda. Umumiy mol-mulkdagi ulushli mulk ishtirokchisi
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida (O‘RQ-581-son) · Sana: 07.11.2019 · Amalda
Har bir mulkdorning umumiy mol-mulkka boʻlgan mulk huquqidagi ulushi mazkur koʻp kvartirali uy barcha mulkdorlarining turar joylar va yashash uchun moʻljallanmagan joylarning umumiy maydonida oʻziga tegishli boʻlgan joy maydoni ulushiga mutanosibdir. Koʻp kvartirali uydagi joyning umumiy maydoni oʻlchami ushbu joyning kadastr hujjatiga muvofiq aniqlanadi.
Agar, alohida joy bir necha mulkdorlarga tegishli boʻlsa, unda ular koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni boshqarishda umumiy majburiyatlardagi solidar javobgarligi bilan birga bitta ulushli mulk ishtirokchisi sifatida qatnashadilar. Bunday mulkdorlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar ular oʻrtasidagi kelishuv bilan tartibga solinadi.
Yozma kelishuv mavjud boʻlmagan taqdirda mulkdorlardan har biri boʻlinmas teng huquqlarga va umumiy mol-mulkdagi koʻrsatilgan ulushga mulkdorlik bilan bogʻliq holda kelib chiqadigan majburiyatlarga ega boʻladi.
Umumiy mulkka boʻlgan mulk huquqidagi ulush turar joylarga hamda yashash uchun moʻljallanmagan joylarga boʻlgan mulk huquqidan ajratilishi mumkin emas va faqat ushbu huquq bilan birga oʻtadi.
