15-modda. Umumiy mol-mulkni saqlash
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida (O‘RQ-581-son) · Sana: 07.11.2019 · Amalda
Umumiy mol-mulkni saqlash umumiy mol-mulkning lozim darajadagi texnik va sanitariya holatini taʼminlashga qaratilgandir.
Umumiy mol-mulkni saqlash uning texnik va sanitariya holatini saqlab turishni, unga xizmat koʻrsatishni, taʼmirlashni hamda ushbu mol-mulkni asrashga va undan foydalanish boʻyicha zarur shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan boshqa faoliyatni oʻz ichiga oladi.
Koʻp kvartirali uyni boshqarish organi majburiy normalarga muvofiq, umumiy mol-mulkni saqlash boʻyicha amalga oshirilmasligi koʻp kvartirali uyga, odamlarning hayotiga, sogʻligʻiga, shaxslarning mol-mulkiga va atrof-muhitga bevosita xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan majburiy tadbirlarni hamda ishlarni amalga oshirishi shart.
Majburiy normalar yongʻinga qarshi, sanitariya, shaharsozlik normalarini, koʻp kvartirali uyga xizmat koʻrsatish boʻyicha tadbirlarni oʻz ichiga oladi.
Agar koʻp kvartirali uyda shaxslarning hayotiga, sogʻligʻiga va mol-mulkiga yoki atrof-muhitga haqiqiy xavf tugʻdiradigan holatlar yuzaga kelsa, Uy-joy fondi inspeksiyasi bu haqda joylarning mulkdorlarini va koʻp kvartirali uyni boshqarish organini oldindan xabardor qilgan holda, ushbu xavfni bartaraf etish choralarini koʻrishi shart.
Xavf mavjudligi fakti tegishli davlat organi tomonidan tasdiqlanishi kerak.
