76-modda. Bankni qayta tashkil etish
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Bankni qayta tashkil etish raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikning talablari hisobga olingan holda, aksiyadorlar umumiy yigʻilishining qaroriga muvofiq qoʻshib yuborish, qoʻshib olish, boʻlish, ajratib chiqarish va oʻzgartirish shaklida Markaziy bankning ruxsati bilan amalga oshiriladi. Bankni qayta tashkil etish Markaziy bankning talabiga binoan ham amalga oshirilishi mumkin.
Davlat yagona taʼsischisi boʻlgan bankni qayta tashkil etish Markaziy bank bilan kelishilgan holda vakolatli organning qarori asosida amalga oshiriladi.
Aksiyadorlar umumiy yigʻilishining bankni qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi qarori mavjudligi bankni qayta tashkil etish uchun ruxsatnoma olish toʻgʻrisida Markaziy bankka ariza berish uchun asos boʻladi.
Markaziy bank bankni qayta tashkil etishni rad etgan taqdirda, aksiyadorlar umumiy yigʻilishining bankni qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi qarori haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Bankni qoʻshib yuborish, boʻlish, ajratib chiqarish shaklida qayta tashkil etish uchun Markaziy bankning ruxsatnomasi olinganidan keyin qayta tashkil etish natijasida yangidan vujudga keladigan har bir bankni davlat roʻyxatidan oʻtkazish va litsenziya olish uchun zarur tashkiliy-texnik tadbirlar bajariladi.
Bankni qayta tashkil etish uchun Markaziy bankning ruxsatnomasi olinganligi qayta tashkil etilishi natijasida vujudga keladigan banklarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish va ularga litsenziya berish uchun kafolat boʻla olmaydi.
Qayta tashkil etilayotgan bank qayta tashkil etish jarayonini Markaziy bankning ruxsatnomasi olingan kundan eʼtiboran olti oy ichida tamomlashi shart.
Qayta tashkil etish natijasida yangidan yuzaga kelgan banklarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish va ularga litsenziya berish Markaziy bank tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Bankni qayta tashkil etish tartibi Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
