755-modda. Mikromoliya banki faoliyatini yoki faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya banki faoliyatini mikromoliya tashkiloti faoliyatiga oʻzgartirish
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Mikromoliya banki faoliyatini yoki faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya banki faoliyatini mikromoliya tashkiloti faoliyatiga oʻzgartirishga omonatlar (depozitlar) toʻliq qaytarilgandan va (yoki) omonatlarga (depozitlarga) kiritilgan pul mablagʻlarini qaytarish boʻyicha majburiyatlar boshqa bankka oʻtkazilganidan keyin yoʻl qoʻyiladi.
Mikromoliya banki faoliyatini yoki faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya banki faoliyatini mikromoliya tashkiloti faoliyatiga oʻzgartirish uchun ariza beruvchi mikromoliya banki faoliyatini yoki faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya banki faoliyatini mikromoliya tashkiloti faoliyatiga oʻzgartirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn ish kuni ichida Markaziy bankka “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 20-moddasining birinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan hujjatlarni taqdim etadi.
Mikromoliya banki faoliyatini yoki faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya banki faoliyatini mikromoliya tashkiloti faoliyatiga oʻzgartirish uchun taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikda nobank kredit tashkilotlarini hisob roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish uchun nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Markaziy bank tomonidan mikromoliya banki faoliyatini yoki faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya banki faoliyatini mikromoliya tashkiloti faoliyatiga oʻzgartirishga rozilik berish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan taqdirda, Markaziy bank litsenziyani chaqirib oladi.
Mikromoliya banki mikromoliya bankining faoliyatini yoki faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya banki islomiy mikromoliya bankining faoliyatini mikromoliya tashkiloti faoliyatiga oʻzgartirishga rozilik berish toʻgʻrisidagi Markaziy bankning qarori asosida roʻyxatdan oʻtish uchun qonunchilikda nazarda tutilgan hujjatlarni davlat xizmatlari markaziga taqdim etadi.
