754-modda. Bank faoliyatini mikromoliya banki faoliyatiga yoki faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bank faoliyatini faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya banki faoliyatiga oʻzgartirish
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Bank faoliyatini mikromoliya banki faoliyatiga yoki faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bank faoliyatini faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya banki faoliyatiga oʻzgartirish bankka berilgan litsenziyani qayta rasmiylashtirish orqali amalga oshiriladi.
Litsenziyani qayta rasmiylashtirish uchun ariza beruvchi aksiyador (aksiyadorlar) tomonidan bank faoliyatini mikromoliya banki faoliyatiga yoki faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bank faoliyatini faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya banki faoliyatiga oʻzgartirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn ish kuni ichida Markaziy bankka quyidagilarni ilova qilgan holda ariza taqdim etadi:
aksiyadorning (aksiyadorlarning) bank faoliyatini mikromoliya banki faoliyatiga yoki faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bank faoliyatini faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya banki faoliyatiga oʻzgartirish toʻgʻrisidagi qarorini;
mikromoliya bankining ustavini ikki nusxada;
aksiyadorlar roʻyxatini;
mikromoliya bankining kuzatuv kengashi va boshqaruvi aʼzolari, bankning islomiy moliya kengashi aʼzolari — islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya banki uchun, shuningdek muhim ahamiyatga ega xodimlari toʻgʻrisidagi ularning ushbu Qonunning 36-moddasida nazarda tutilgan talablarga muvofiqligini baholashdan oʻtkazish uchun zarur boʻlgan axborotni;
mikromoliya banki joylashgan yerdagi Markaziy bank hududiy bosh boshqarmasining bank binolari, ularning muhofaza qilinishi taʼminlanganligi, uskunalar, ishlarni tashkil etish texnika vositalari bilan jihozlanganligi va dasturiy taʼminotining Markaziy bank talablariga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosasini — bankning joylashgan yeri oʻzgargan yoki uning binosi rekonstruksiya qilingan taqdirda;
mikromoliya bankining ustav kapitalida chet el banki ishtirok etgan taqdirda ushbu Qonun 17-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan hujjatlarni;
ushbu qismning ikkinchi — yettinchi xatboshilarida sanab oʻtilgan hujjatlarning elektron shakldagi koʻchirma nusxalarini.
