77-modda. Litsenziyani chaqirib olish
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Markaziy bank quyidagi hollarda litsenziyani chaqirib olishga haqli:
agar bank litsenziyani olganidan keyin oʻn ikki oy ichida bank faoliyatini va (yoki) islomiy bank faoliyatini amalga oshirishni boshlamagan, bu faoliyatdan toʻgʻridan-toʻgʻri voz kechgan yoki moliyaviy operatsiyalarni, shu jumladan islomiy moliya operatsiyalarini uch oydan ortiqroq muddat davomida amalga oshirmagan boʻlsa;
litsenziya berish shartlari bank tomonidan bajarilmaganda;
ushbu Qonunning 54-moddasida koʻrsatilgan qoʻpol qoidabuzarliklardan biri bank tomonidan sodir etilganda;
agar bank ketma-ket keluvchi uch chorakning har birida bank regulyativ kapitalining oʻn foizidan ortiq yoki muddatidan qatʼi nazar, regulyativ kapitalning ellik foizidan ortiq miqdorda zarar koʻrgan boʻlsa yoki zarar koʻrish ehtimoli mavjud boʻlsa;
qayta tashkil etish natijasida bankning faoliyati tugatilganda;
aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida bankni ixtiyoriy ravishda tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda;
Oʻzbekiston Respublikasida bank tashkil etgan chet davlat bankidan litsenziya chaqirib olinganda;
Markaziy bank tomonidan mikromoliya banki faoliyatini mikromoliya tashkiloti faoliyatiga oʻzgartirishga rozilik berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda;
bank toʻlovga qobiliyatsiz boʻlib qolganda.
Bankning toʻlovga qobiliyatsizligi deganda quyidagi hollar tushuniladi:
bankning oʻz mijozlari talablarini mablagʻlar yetarli emasligi sababli yetti kun ichida qanoatlantirishga qodir emasligi;
bank majburiyatlari uning aktivlaridan ortib ketganligi;
bank kapitali monandligi koeffitsiyentlarining va (yoki) ustav kapitali miqdorining qonunchilikda belgilangan eng kam miqdordan ellik foizga va undan koʻp foizga kamayganligi;
bankning moliyaviy holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning hisobotlarda toʻgʻri aks ettirilishi ushbu qismning ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida koʻrsatilgan asoslarning yuzaga kelishiga olib keladigan hollar Markaziy bank tomonidan aniqlanganligi;
omonatchilar va kreditorlar tomonidan bankka ishonib topshirilgan pul mablagʻlarining but saqlanishiga xavf soluvchi holatlarning mavjudligi.
