6-modda. Omonat (depozit)
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Quyidagi shartlarning barchasiga muvofiq boʻlgan, qoʻyilgan pul mablagʻlari omonatdir (depozitdir):
mijozning talabiga binoan yoki muddat oʻtganidan keyin foizlar yoxud boshqa daromadlar bilan yoki ularsiz yoxud omonatchi yoki uning vakolatli vakili va pul mablagʻlarini qabul qiluvchi bank oʻrtasida, kelishilgan shartlar asosida qaytarilishi lozim boʻlgan pul mablagʻlari, bundan islomiy moliya standartlariga muvofiq omonat (depozit) summasini toʻliq qaytarish majburiyatini nazarda tutmagan holda ushbu Qonun 51-moddasi birinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan moliya operatsiyalari asosida jalb etilgan pul mablagʻlari (investitsiyaviy omonatlar (depozitlar) mustasno;
subordinar qarzga, egalik qilish huquqlariga yoki xizmatlariga, shu jumladan sugʻurta xizmatlariga taalluqli boʻlmagan pul mablagʻlari;
pul mablagʻlarini qabul qiluvchi bankning tegishli hujjati bilan yozma shaklda tasdiqlangan pul mablagʻlari.
Pul mablagʻlarini omonatlarga (depozitlarga) jalb etish boʻyicha faoliyat bilan shugʻullanishga faqat banklar haqli.
