7-modda. Banklar uchun taqiqlangan yoki cheklangan faoliyat
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Banklar bevosita ishlab chiqarish, savdo, sugʻurta faoliyati hamda banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa faoliyat bilan shugʻullanishga haqli emas.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan cheklov quyidagi hollarga nisbatan tatbiq etilmaydi:
bank kartalari asosida naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimlarida foydalaniladigan ixtisoslashtirilgan uskunani va unga doir dasturiy taʼminotni sotish yoki ijaraga berishga;
oʻz aktivlarini sotishga;
chek daftarchalarini chiqarish, realizatsiya qilish va tarqatishga;
sugʻurta tashkilotlari boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari nomidan sugʻurta shartnomasi tuzilishini tashkil etish boʻyicha faoliyatni amalga oshirishga;
bank oʻzi muassis boʻlgan yuridik shaxslarga oʻz mol-mulkini mulkiy ijara (arenda) shartnomasiga muvofiq ijaraga berishga.
Mikromoliya banklari ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan cheklovlardan tashqari quyidagilarni inobatga olgan holda oʻz faoliyatini amalga oshiradi:
bir jismoniy shaxsdan omonatga jalb qilingan pul mablagʻlari miqdori banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan kafolatlangan omonat miqdoridan oshmasligini;
bir qarz oluvchi yoki oʻzaro aloqador qarz oluvchilar guruhiga doir tavakkalchilikning eng koʻp miqdori besh milliard soʻmdan oshmasligini;
tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning daromad olishga yoʻnaltirilgan faoliyati uchun berilgan kreditlarning kredit portfelidagi va (yoki) koʻrsatilgan islomiy moliya operatsiyalarining moliyalashtirish portfelidagi ulushi yetmish foizidan kam boʻlmasligini;
chet el banklarida vakillik hisobvaraqlari va boshqa hisobvaraqlar ochish, chet el fuqarolarining va yuridik shaxslarining majburiyatlari boʻyicha kafolatlar berish hamda mijozlarning tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha xizmatlar koʻrsatish taqiqlanganligini;
qarz qimmatli qogʻozlariga investitsiyalar banklarning likvidliligini boshqarishga doir talablar doirasida faqat Markaziy bank tomonidan belgilangan yuqori likvidli qarz qimmatli qogʻozlariga qilinishini.
