52-modda. Bank faoliyatini amalga oshirish
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasida bank faoliyatini amalga oshirishga ushbu Qonunda belgilangan tartibda tashkil etilgan va Markaziy bank tomonidan beriladigan tegishli litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxslar haqlidir.
Oʻzbekiston Respublikasida bank faoliyati bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya va (yoki) islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya (bundan buyon matnda bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) deb yuritiladi) asosida amalga oshiriladi. Mazkur litsenziyalar amal qilish muddati cheklanmagan holda beriladi va litsenziyalarni yoki ularga doir huquqlarni boshqa shaxslarga oʻtkazish taqiqlanadi.
Ushbu Qonun 5-moddasi:
birinchi qismining ikkinchi — yigirma ikkinchi xatboshilarida koʻrsatilgan moliyaviy operatsiyalar majmuini faqat bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega boʻlgan bank;
birinchi qismining ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi, oltinchi — oʻn uchinchi, oʻn beshinchi — yigirma uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan moliyaviy operatsiyalar majmuini faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega boʻlgan bank;
birinchi qismida koʻrsatilgan moliyaviy operatsiyalar majmuini bank faoliyatiga doir tegishli litsenziyaga (litsenziyalarga) ega boʻlgan bank amalga oshirishga haqli.
Bank faoliyatiga doir tegishli litsenziyasiz (litsenziyalarsiz) amalga oshiriladigan bank faoliyati gʻayriqonuniy deb hisoblanadi va javobgarlikka sabab boʻladi. Bunday faoliyat natijasida olingan daromad Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga olib qoʻyiladi.
Amalga oshirilishi uchun qonunchilikka muvofiq alohida litsenziyalar yoki ruxsatnomalar olinishi talab etiladigan faoliyat banklar tomonidan tegishli hujjatlar olinganidan keyin amalga oshiriladi.
