53-modda. Choralarning va sanksiyalarning qoʻllanilishi
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Markaziy bank ushbu Qonunning 54, 55 va 56-moddalarida koʻrsatilgan qoidabuzarliklar uchun javobgar boʻlgan bankka, uning kuzatuv kengashi va boshqaruvi, bankning islomiy moliya kengashi aʼzolariga, shuningdek bankning muhim ahamiyatga ega xodimlariga nisbatan choralar va sanksiyalar qoʻllashga haqli.
Qoidabuzarliklar qoʻpol, jiddiy va juzʼiy qoidabuzarliklarga boʻlinadi.
Choralar va sanksiyalarni qoʻllash tartibi Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Choralar va sanksiyalar qoʻllanilganda Markaziy bank quyidagilarni hisobga oladi:
tavakkalchilikning darajasini, qoidabuzarliklarning xususiyatini, miqyosini va oqibatlarini;
qoidabuzarliklarning tizimliligini va davomiyligini;
yoʻl qoʻyilgan qoidabuzarliklarning moliyaviy holatga taʼsirini;
qoʻllaniladigan choralar va (yoki) sanksiyalar natijasida vaziyatni oʻzgartirish imkoniyatini;
aniqlangan qoidabuzarliklarning va (yoki) tavakkalchiliklarning yuzaga kelishiga olib kelgan sabablarni;
ilgari qoʻllanilgan choralar va sanksiyalarning samaradorligini (natijadorligini);
bank, bevosita va bilvosita aksiyador tomonidan, shu jumladan oxirgi benefitsiar mulkdor, kuzatuv kengashining va boshqaruvning, bank islomiy moliya kengashining aʼzosi, bankning muhim ahamiyatga ega xodimi tomonidan qoidabuzarliklarni bartaraf etishga qaratilgan mustaqil choralar koʻrilishini.
