52-modda. Vaqtinchalik boshqaruvchi
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Agar kuzatuv kengashining yoki boshqaruvning bitta yoki bir necha aʼzosini almashtirish boʻyicha Markaziy bank tomonidan amalga oshirilgan nazorat choralari yetarli emas deb hisoblansa, Markaziy bank:
kuzatuv kengashi va boshqaruv aʼzolari bilan vaqtinchalik ishlashga;
kuzatuv kengashi va boshqaruv aʼzolarini vaqtinchalik almashtirishga;
bankka bitta yoki bir necha vaqtinchalik boshqaruvchini tayinlashga haqli.
Vaqtinchalik boshqaruvchi ushbu Qonun 36-moddasining talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
Bank aksiyadori, qarz oluvchisi, kreditori yoki bankka aloqador shaxs bankning vaqtinchalik boshqaruvchisi etib tayinlanishi mumkin emas.
Markaziy bank vaqtinchalik boshqaruvchini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish, uning vakolatlarini bank ustaviga va ushbu Qonunga muvofiq belgilash boʻyicha mutlaq huquqqa ega.
Markaziy bank tomonidan belgilangan hollarda vaqtinchalik boshqaruvchining harakatlari Markaziy bank bilan oldindan kelishilishi kerak. Oldindan kelishmay turib amalga oshirilgan harakatlar haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Vaqtinchalik boshqaruvchi Markaziy bankka bankning moliyaviy ahvoli va oʻz vakolatlari doirasida koʻrilgan choralar toʻgʻrisidagi hisobotlarni Markaziy bank tomonidan belgilangan muddatlarda, shuningdek amalga oshirilgan ishlar haqidagi yakuniy hisobotni taqdim etadi.
Markaziy bank vaqtinchalik boshqaruvchining zimmasiga ushbu Qonunga muvofiq choralar koʻrish, shu jumladan bank aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishini chaqirish va kapitalni koʻpaytirish toʻgʻrisida talab qoʻyish majburiyatini yuklatishga haqli.
Vaqtinchalik boshqaruvchi oʻn ikki oygacha boʻlgan muddatga tayinlanadi. Bu muddat alohida hollarda Markaziy bank tomonidan uzaytirilishi mumkin.
Bankda vaqtinchalik boshqaruvni amalga oshirish tartibi Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
