49-modda. Bankning moliyaviy ahvolini tiklash rejasi
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Bank oʻzining moliyaviy ahvoli yomonlashgan taqdirda Markaziy bankning talabiga koʻra uni tiklash choralarini oʻz ichiga olgan bankning moliyaviy ahvolini tiklash rejasini (bundan buyon matnda tiklash rejasi deb yuritiladi) ishlab chiqadi hamda koʻrib chiqish va baholash uchun taqdim etadi.
Bank tiklash rejasini har yili yoki bankning tashkiliy tuzilmasida, uning faoliyatida yoki moliyaviy ahvolida tiklash rejasiga taʼsir etishi mumkin boʻlgan oʻzgarishlardan keyin yangilashi kerak.
Bankning tiklash rejasi makroiqtisodiy va moliyaviy inqiroz koʻrinishlarining bank faoliyatiga taʼsirini, shu jumladan tizimga oid hodisalarni va mazkur bank uchun tavakkalchiliklarni oʻzida aks ettirishi kerak.
Bankni tiklash rejasi tegishli qarorlar qabul qilinishi kerak boʻlgan holatni aniqlovchi chora-tadbirlar roʻyxatini va koʻrsatkichlarini oʻz ichiga olishi kerak.
Tiklash rejasi bank tomonidan taqdim etilgan kundan eʼtiboran uch oy ichida Markaziy bank uni koʻrib chiqadi va ushbu rejaning quyidagi mezonlarga muvofiqligini baholaydi:
tiklash rejasida koʻrsatilgan chora-tadbirlar amalga oshirilgan taqdirda, bankning moliyaviy mavqeyini saqlab qolishi va (yoki) tiklashi;
moliyaviy inqiroz sharoitida tiklash rejasida koʻrsatilgan chora-tadbirlarni tez va samarali amalga oshirish, shuningdek bank va moliya tizimiga salbiy taʼsirlarni kamaytirish imkoniyati.
Tiklash rejasi ushbu moddaning beshinchi qismida koʻrsatilgan mezonlarga muvofiq boʻlmagan taqdirda, Markaziy bank bankdan:
tiklash rejasini qayta koʻrib chiqishni;
tiklash rejasiga Markaziy bank tomonidan belgilangan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni;
tiklash rejasidagi kamchiliklarni yoki uni amalga oshirish borasidagi toʻsiqlarni bartaraf etish uchun zarur boʻlgan, oʻz faoliyatiga kiritiladigan oʻzgarishlarni bank tomonidan aniqlashni;
tavakkalchiliklar sohasini kamaytirishni;
bankni qayta kapitallashtirish choralari oʻz vaqtida koʻrilishini;
bankni rivojlantirish strategiyasini qayta koʻrib chiqishni;
bank boshqaruvining tashkiliy tuzilmasini oʻzgartirishni talab qilishga haqli.
Ushbu modda oltinchi qismining beshinchi — sakkizinchi xatboshilarida koʻrsatilgan chora-tadbirlar, agar ushbu modda oltinchi qismining ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilarida koʻrsatilgan chora-tadbirlar tiklash rejasining banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiqligini taʼminlamasa, qoʻllaniladi.
