47-modda. Prudensial nazorat dasturi
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Markaziy bank har yili banklar faoliyati ustidan prudensial nazorat dasturini tasdiqlaydi, bu dastur quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
stress-test natijalari moliyaviy barqarorligida sezilarli tavakkalchiliklar mavjud ekanligini koʻrsatgan yoki bank faoliyati banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiq emasligi taxmin qilingan banklar;
tizimli ahamiyatga ega boʻlgan banklar;
Markaziy bankning fikriga koʻra qoʻshimcha nazorat qilinishi talab etiladigan banklar.
Prudensial nazorat dasturi:
Markaziy bank tomonidan nazorat vazifalarini amalga oshirish va resurslarni taqsimlash tartibini;
qoʻshimcha nazorat qilinishi lozim boʻlgan banklarni aniqlash tartib-taomilini va ushbu moddaning uchinchi qismiga muvofiq uni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan choralarni;
banklarni tekshirish rejasini oʻz ichiga oladi.
Markaziy bank bankning tavakkalchiliklarini baholash natijalarini hisobga olib, quyidagilarni oʻz ichiga olgan tegishli choralarni koʻrishi mumkin:
bankdagi tekshiruvlarning davriyligini oshirish;
bank tomonidan qoʻshimcha hisobotlar taqdim etish;
bank tomonidan biznes-rejaning bajarilishi ustidan qoʻshimcha tekshiruvlar oʻtkazish;
muayyan tavakkalchiliklar boʻyicha mavzuli tekshiruvlar oʻtkazish.
