46-modda. Tekshirish va baholash jarayoni
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Markaziy bank banklar tomonidan foydalaniladigan tizimlar, strategiyalar, tartib-taomillar hamda mexanizmlarning banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiqligini tekshiradi, shuningdek banklarning mavjud va ehtimoldagi tavakkalchiliklarini, shu jumladan alohida banklar tomonidan bank (moliya) tizimiga xavf soluvchi tavakkalchiliklarni baholaydi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan tekshiruvlar va baholashlarda banklar tomonidan banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarining bajarilishi zarurligi hisobga olinadi.
Markaziy bank ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan tekshiruvlar va baholashlarning natijalari asosida bank faoliyatining ixtisoslashuvi, miqyosi va murakkabligini, shuningdek oqilona boshqaruvning taʼminlanganligi hamda tavakkalchiliklarning oʻrni bankning regulyativ muvofiqlik mexanizmlari, kapitali va likvidliligi bilan qoplanganligi darajasini aniqlaydi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan tekshiruvlar va baholashlarni oʻtkazish davriyligi va darajasi Markaziy bank tomonidan mutanosiblik prinsipidan, shuningdek bank faoliyatining tizimdagi ahamiyati, ixtisoslashuvi, miqyosi va murakkabligidan kelib chiqib, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan kelishuvlarsiz va xabar berilmasdan mustaqil ravishda belgilanadi.
