45-modda. Prudensial nazorat
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Bank faoliyatining oʻziga xos tavakkalchiliklarining oldini olish va qisqartirish maqsadida Markaziy bank, basharti banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etilsa, banklar faoliyati ustidan prudensial nazoratni taʼminlaydi.
Prudensial nazoratni taʼminlash uchun Markaziy bank:
banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikning prudensial talablariga muvofiq boʻlishi uchun banklar tomonidan foydalaniladigan tizimlar, strategiyalar, tartib-taomillar hamda mexanizmlar ustidan;
banklarga tahdid solayotgan yoki tahdid solishi mumkin boʻlgan tavakkalchiliklar, oqilona boshqaruv taʼminlanganligi hamda tavakkalchiliklarni muvofiqlashtiruvchi mexanizmlar banklarning kapitali va likvidligi bilan qoplanganligi ustidan;
banklarning tavakkalchilikni boshqarish, shuningdek korporativ boshqaruv jihatidan banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiqligi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Banklar oʻzining banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikning prudensial talablariga muvofiqligini baholash uchun zarur boʻlgan axborotni Markaziy bankka taqdim etishi shart.
Banklarning ichki boshqaruv mexanizmlari, buxgalteriya hisobi va hisobotlarning yuritilishi, shuningdek maʼmuriy tartib-taomillari banklarning prudensial talablarga muvofiqligini tekshirish imkonini berishi kerak.
Banklar Markaziy bank tomonidan prudensial talablarga muvofiqlikni tekshirish uchun bitimlar va operatsiyalarni Markaziy bank tomonidan belgilangan qoidalarga muvofiq roʻyxatga olishi shart.
Markaziy bank banklar kapitalining monandligini ularning tavakkalchiliklari sohasidan kelib chiqib baholash uchun ularning faoliyati, tashkil etilishi va ichki jarayonlari toʻgʻrisida axborot olish maqsadida banklar bilan hamkorlik qiladi.
Zarur hollarda Markaziy bank nazorat vazifalarini bajarish uchun tashqi ekspertlarni jalb etishga haqli.
