36-modda. Rahbarlik prinsiplarini qoʻllash
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Bank kuzatuv kengashining va boshqaruvining aʼzolari, shuningdek muhim ahamiyatga ega xodimlari benuqson ishchanlik obroʻsiga, bank tavakkalchiliklarining samarali boshqarilishini, oʻz vakolatlari doirasida asosli qarorlar qabul qilinishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan tajribaga, bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishi kerak.
Bank bankning kuzatuv kengashi va boshqaruvi, bankning islomiy moliya kengashi aʼzolari, shuningdek muhim ahamiyatga ega xodimlari banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga doimo muvofiq boʻlishini taʼminlashi shart.
Bankning islomiy moliya kengashi kamida uch nafar aʼzodan iborat boʻlib, ularga nisbatan qoʻyiladigan talablar Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Markaziy bank bank kuzatuv kengashining va boshqaruvining, bank islomiy moliya kengashining aʼzoligiga hamda muhim ahamiyatga ega xodimlar lavozimlariga koʻrsatilayotgan nomzodlarni ularning lavozimga kirishishidan oldin kelishib oladi. Agar muhim ahamiyatga ega xodimlarni obyektiv sabablarga koʻra oldindan kelishib olishning imkoni boʻlmasa, bank keyinchalik rozilik olish uchun soʻrovnoma yuborishi kerak.
Bank boshqaruvi aʼzolari va muhim ahamiyatga ega xodimlari ish beruvchining roziligi bilan boshqa tashkilotlarda oʻrindoshlik asosida ishlashi mumkin, bundan ularning boshqa banklar va tashkilotlarda ishga joylashuvi manfaatlar toʻqnashuviga olib kelishi mumkin boʻlgan hollar mustasno.
Bank kuzatuv kengashining va boshqaruvining, bank islomiy moliya kengashining aʼzolarini, shuningdek muhim ahamiyatga ega xodimlarni baholash shartlari, baholash uchun zarur hujjatlar, malaka talablariga muvofiqlik mezonlari, shuningdek ularni kelishib olish tartibi Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
