351-modda. Bankning islomiy moliya kengashi
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Bankning islomiy moliya kengashi bankdagi islomiy bank faoliyati islomiy moliya standartlariga muvofiq tarzda amalga oshirilishini muvofiqlashtiruvchi kollegial organ hisoblanadi.
Bankning islomiy moliya kengashi vazifalari jumlasiga quyidagilar kiradi:
bank islomiy moliya operatsiyalarining islomiy moliya standartlariga muvofiqligini taʼminlash hamda muvofiqlik bilan bogʻliq masalalar va murojaatlar boʻyicha xulosalar taqdim etib borish;
islomiy moliya operatsiyalari bilan bogʻliq shartnomalar, ichki hujjatlar va hisobotlar loyihalarini koʻrib chiqish hamda maʼqullash;
islomiy bank faoliyati, shu jumladan islomiy moliya operatsiyalari va ular bilan bogʻliq boʻlgan shartnomalar hamda hujjatlar boʻyicha bank tomonidan amal qilinishi shart boʻlgan va qonunchilik hujjatlariga zid boʻlmagan qarorlarni qabul qilish;
islomiy bank faoliyati bilan bogʻliq tavakkalchiliklarni boshqarish hamda ichki nazorat tizimini joriy etishda bankning kuzatuv kengashi va boshqaruviga oʻz xulosalari orqali koʻmaklashish.
Bankning islomiy moliya kengashi bankning ustaviga asosan boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin.
Bankning islomiy moliya kengashi aʼzolari Markaziy bank bilan kelishilgan holda hamda bankning kuzatuv kengashi tavsiyasi asosida aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi tomonidan saylanadi va ularning aʼzoligi tugatiladi.
Bankning islomiy moliya kengashi aʼzolari soni uch nafardan kam boʻlmasligi kerak.
Bankning hal qiluvchi egalikka ega boʻlgan aksiyadorlari va muhim ahamiyatga ega xodimlari bankning islomiy moliya kengashi aʼzosi boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bankning islomiy moliya kengashi bankdagi islomiy bank faoliyatining islomiy moliya standartlariga muvofiqligini baholaydi va baholash natijalari boʻyicha bank aksiyadorlarining umumiy yigʻilishiga bir yilda kamida bir marotaba hisobot taqdim etadi.
Bank islomiy moliya kengashining vazifalari bank aksiyadorlarining umumiy yigʻilishiga yoki bankning boshqa boshqaruv organiga yuklatilishi mumkin emas.
