35-modda. Bank boshqaruvi
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Bank boshqaruvi bankni boshqarishning ijro etuvchi organi boʻlib, u bankning kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlangan faoliyat strategiyasi va uni boshqarish tizimiga muvofiq bankning faoliyatiga operativ boshqaruvni amalga oshiradi hamda bankning faoliyati uchun javobgarlikni toʻliq zimmasiga oladi.
Bank boshqaruvi:
strategik maqsadlarni, korporativ boshqaruv siyosatini, bankning boshqa ichki siyosatlarini, shu jumladan tavakkalchiliklarni aniqlash, boshqarish, monitoring qilish va tavakkalchiliklar toʻgʻrisida xabardor etish, kapitalning yetarliligini lozim darajada saqlab turish siyosatini amalga oshirishi;
bankning tegishli va shaffof tashkiliy tuzilmasini, shu jumladan vakolatlarni va javobgarlikni bank xodimlari oʻrtasida oʻz vakolatlari doirasida taqsimlashni taʼminlashi;
bank xodimlarining faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirishi;
bankning qabul qilingan yillik biznes-rejasini bajarishi, shuningdek bank aksiyadorlarining umumiy yigʻilishiga va kuzatuv kengashiga bajarilgan ishlar, bankka nisbatan qoʻllanilgan choralar hamda sanksiyalar toʻgʻrisidagi hisobotni davriy ravishda taqdim etishi;
bank ustavida hamda banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni bajarishi shart.
Bank boshqaruvi bank aksiyadorlarining umumiy yigʻilishiga va kuzatuv kengashiga hisobdordir.
Islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bank boshqaruvi islomiy bank faoliyatining islomiy moliya standartlariga muvofiq amalga oshirilishini taʼminlash uchun javobgardir.
