34-modda. Bankning kuzatuv kengashi
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Bankning kuzatuv kengashi bank faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi, boshqaruvga oid qarorlar qabul qilish jarayonida nazorat va tekshiruv vazifasini bajaradi hamda umuman bankning faoliyati va moliyaviy barqarorligi uchun javobgardir.
Bankning kuzatuv kengashi bankni samarali va tadbirli boshqarishni, shu jumladan bank boshqaruvi aʼzolari oʻrtasida vakolatlarning hamda javobgarlikning taqsimlanishini, manfaatlar toʻqnashuvining oldi olinishini va bartaraf etilishini taʼminlaydigan boshqaruv tashkiliy tuzilmasini belgilaydi hamda uning joriy etilishi ustidan nazorat va tekshiruvni amalga oshiradi.
Bankning kuzatuv kengashi aʼzolari bankning oqilona korporativ boshqaruviga koʻmaklashishi hamda oʻz vakolatlarini va majburiyatlarini bajarish chogʻida bankning, uning omonatchilari va aksiyadorlarining qonuniy manfaatlarini inobatga olishi, shuningdek Markaziy bank bilan samarali hamkorlikni taʼminlashi kerak.
Bank kuzatuv kengashining “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan vakolatlari jumlasiga qoʻshimcha ravishda quyidagilar kiradi:
strategik maqsadlarni, korporativ boshqaruv siyosatini, bankning boshqa ichki siyosatlarini, shu jumladan tavakkalchiliklarni aniqlash, boshqarish, monitoring qilish va ular toʻgʻrisida xabardor etish, kapitalning yetarliligini lozim darajada saqlab turish siyosatini tasdiqlash hamda ularning amalga oshirilishi ustidan nazorat qilish;
aktivlarni tasniflash asosida aktivlar boʻyicha ehtimoldagi zararlarga qarshi yaratiladigan zaxiralar shakllantirilishi ustidan nazorat qilish, shuningdek bankning kapital va umumiy zaxiralarining yetarli darajada saqlab turilishini taʼminlash;
manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish va uni bartaraf etish tartibini tasdiqlash;
bankning moliyaviy holatini tiklash rejalarini tasdiqlash;
bankning boshqaruvi ustidan nazoratni amalga oshirish;
bankning qabul qilingan biznes-rejasi bajarilishi ustidan nazorat qilish, shuningdek har chorakda bankning faoliyati natijalari toʻgʻrisida bank boshqaruvining hisobotini eshitish;
bankning ichki audit xizmati faoliyatini tashkil etish, shuningdek bank ichki audit xizmatining choraklik hisobotlari asosida bank boshqaruvi tomonidan bank strategiyalari va siyosatlariga rioya etilishini baholashdan oʻtkazish;
