23-modda. Bank aksiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnomani berish
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Potensial oluvchi bank aksiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnomani olish uchun Markaziy bank tomonidan belgilangan hujjatlar ilova qilingan holdagi arizani Markaziy bankka taqdim etadi. Markaziy bank ariza olingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida potensial oluvchiga ariza olinganligi toʻgʻrisida tasdiqnoma yuboradi.
Birgalikda harakat qilayotgan, moʻljallanilayotgan sotib olish munosabati bilan bank aksiyalarini bevosita yoki bilvosita, shu jumladan oxirgi benefitsiar mulkdor sifatida olishni niyat qilgan shaxs yoki shaxslar guruhi potensial oluvchidir.
Markaziy bank potensial sotib oluvchini ariza olinganligi toʻgʻrisida tasdiqnoma yuborilgan kundan eʼtiboran ikki oy ichida ushbu Qonunning 24-moddasiga muvofiq baholashni amalga oshiradi.
Potensial oluvchi hujjatlarni toʻliq hajmda taqdim etmagan taqdirda, baholash davri Markaziy bank tomonidan barcha tegishli hujjatlar olingan kundan eʼtiboran boshlanadi.
Potensial sotib oluvchining ushbu Qonunning 24-moddasida koʻrsatilgan mezonlardan birontasiga muvofiq emasligini tasdiqlovchi hujjatlar va (yoki) axborot mavjud boʻlgan taqdirda, Markaziy bank bankning aksiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnomani berishni baholashni oʻtkazmasdan rad etishga haqli.
Markaziy bank baholash oʻtkazilayotgan davrda potensial oluvchiga baholashni tamomlash uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha hujjatlarni va axborotni taqdim etishi toʻgʻrisida soʻrovnoma yuborishga haqli.
Potensial oluvchi Markaziy bankning soʻrovnomasiga binoan qoʻshimcha hujjatlar va axborotni soʻrovnoma olingan kundan eʼtiboran yigirma ish kunidan oshmagan muddatda taqdim etishi kerak, shu vaqt mobaynida baholash davri toʻxtatib turiladi. Potensial oluvchi chet elda joylashgan yoki unga nisbatan boshqa davlatning qonunlari tatbiq etilgan taqdirda, Markaziy bank qoʻshimcha axborot taqdim etish davrini oʻttiz ish kunigacha uzaytirishga haqli. Taqdim etilgan axborotni aniqlashtirish maqsadida Markaziy bank tomonidan potensial oluvchiga yuboriladigan keyingi soʻrovnomalar baholash davrining toʻxtatib turilishiga olib kelmasligi kerak.
Potensial oluvchi tomonidan ushbu moddaning yettinchi qismida koʻrsatilgan muddatlarga rioya etilmagan taqdirda, Markaziy bank bankning aksiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnomani berishni rad etishga haqlidir.
