22-modda. Bank aksiyalariga egalik qilishga doir ruxsatnoma va cheklov
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Jismoniy va yuridik shaxslar yoki birgalikda harakat qiluvchi shaxslar, shu jumladan norezidentlar bir yoki bir necha bitim natijasida bankning ustav kapitalidagi:
besh va undan koʻproq foizni, lekin koʻpi bilan yigirma foizni;
yigirma va undan koʻproq foizni, lekin koʻpi bilan ellik foizni;
ellik va undan koʻproq foizni tashkil etadigan ulushni bevosita yoki bilvosita olishdan oldin Markaziy bankning dastlabki ruxsatnomasini olishi shart.
Ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan bank ustav kapitalidagi ulushlar Markaziy bankning dastlabki ruxsatnomasini olgan shaxslar tomonidan oʻzgartirilgan taqdirda, ushbu Qonunning 26-moddasida koʻrsatilgan tartibda xabardor qilish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Quyidagilar birgalikda harakat qiluvchi shaxslar hisoblanadi:
1) bank aksiyalarini muvofiqlashtirilgan (kelishilgan) tarzda sotib olishni yoki shaxslarning bank aksiyalarini birgalikda sotib olish niyatida ekanligini koʻrsatuvchi shartlar asosida bank aksiyalarini sotib olgan shaxslar;
2) jalb etilgan shaxslar:
a) boshqa shaxs ustidan nazoratni amalga oshiruvchi yoki boshqa shaxsning nazorati ostidagi yoxud uchinchi shaxsning birgalikdagi nazorati ostidagi shaxslar;
b) ovoz berish huquqini olish uchun yoki ovoz berish huquqini birgalikda amalga oshirish uchun bitimlarda bevosita yoki bilvosita ishtirok etuvchi shaxslar, agar bitimning predmeti boʻlgan ulushlar (aksiyalar) ularga nazoratni taʼminlasa;
v) yuridik shaxsga nisbatan rahbarlik vakolatiga yoki nazorat qilish vakolatiga ega boʻlgan jismoniy shaxslar;
g) yuridik shaxs boshqaruv organlari aʼzolarining koʻpchiligini tayinlash vakolatiga ega boʻlgan shaxslar;
d) yaqin qarindoshlar (qarindoshlik yoki qayin-boʻyinchilik munosabatidagi shaxslar, yaʼni ota-ona, tugʻishgan va oʻgay aka-ukalar, opa-singillar, er-xotin, farzandlar, shu jumladan farzandlikka olinganlar, bobolar, buvilar, nevaralar, er-xotinning ota-onasi, tugʻishgan yoki oʻgay aka-ukalari, opa-singillari, shuningdek ularning nazorati ostidagi yuridik shaxslar);
3) nazoratni amalga oshiruvchi yuridik shaxs va uning nazorati ostidagi yuridik shaxslar, shuningdek bitta nazorat qiluvchi yuridik shaxsning nazorati ostidagi yuridik shaxslar oʻzaro;
