21-modda. Bankni davlat roʻyxatiga olishni va bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) berishni rad etish
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Bankni davlat roʻyxatiga olishni va bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) berishni rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:
Bankning shakllantirilgan ustav kapitali miqdorining bankni davlat roʻyxatiga olish va litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizani topshirish paytida ushbu Qonun talablariga muvofiq emasligi;
ilgari baholashdan oʻtgan va ushbu Qonunning 24-moddasi talablariga javob bergan muassislarning bevosita va bilvosita egalik qiluvchilarning, shu jumladan oxirgi benefitsiar mulkdorlarning endilikda ushbu modda talablariga muvofiq emasligi;
muhim ahamiyatga ega xodimlarning Markaziy bankning malaka talablariga muvofiq emasligi;
bankning binolari, ularning muhofaza qilinishi taʼminlanganligi, uskunalar va ishlarni tashkil etish texnika vositalari bilan jihozlanganligining va dasturiy taʼminotining Markaziy bank talablariga muvofiq emasligi;
nogironligi boʻlgan shaxslar uchun bank binolarida shaharsozlik normalari va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiq qulay shart-sharoitlar yaratilganligi boʻyicha Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining xulosasi mavjud emasligi.
Bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega boʻlgan bankka islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya berishni rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:
bankning barqaror moliyaviy holatga ega emasligi;
bankning islomiy moliya kengashi aʼzolari va islomiy bank faoliyatiga masʼul boʻlgan rahbar xodimi Markaziy bankning malaka talablariga muvofiq emasligi;
soʻnggi ikki yil ichida bankda ushbu Qonunning 54 va (yoki) 55-moddalarida koʻrsatilgan qoidabuzarliklar aniqlanganligi;
ushbu Qonunning 201-moddasida belgilangan maʼlumot yoki hujjatlar taqdim etilmaganligi yoki ularning Markaziy bank talablariga muvofiq emasligi.
Bankni davlat roʻyxatiga olish va litsenziya berish rad etilganligi toʻgʻrisidagi xabarnoma ariza beruvchiga ushbu Qonun 20-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan muddatda va shakllarda, rad etish sabablari hamda ariza beruvchi koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etib, takroran koʻrib chiqish uchun hujjatlarni taqdim etishi mumkin boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda yuboriladi.
