14-modda. Bankning ustavi va ichki nizomlari
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Bank oʻz ustavi asosida faoliyat koʻrsatadi.
Bank ustavida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
bankning toʻliq va qisqartirilgan firma nomi, joylashgan yeri (pochta manzili) hamda elektron pochta manzili;
ustav kapitalining miqdori;
ustav kapitalini koʻpaytirish va kamaytirish tartibi;
chiqarilayotgan aksiyalarning turlari va soni, aksiyalar turlarining nisbati;
sof foydani taqsimlash, shuningdek zararlarning oʻrnini qoplash tartibi;
zaxira fondini va boshqa fondlarni tashkil etish tartibi;
bank aksiyadorlarining huquqlari va majburiyatlari, shu jumladan ushbu Qonun talablariga muvofiqlikni taʼminlash uchun bank tomonidan soʻrab olinadigan axborotni taqdim etish majburiyatlari;
bankning boshqaruv organlari tuzilmasi, ularni tashkil etish tartibi, bank kuzatuv kengashi va boshqaruvi aʼzolarining soni, vakolatlari va vazifalari haqidagi maʼlumotlar;
aksiyadorlar (muassislar) oʻrtasida manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish choralari;
bank tomonidan aksiyalarni joylashtirish tartibi va shartlari;
bankni qayta tashkil etish va tugatish tartibi.
Bankning ustavida ushbu moddada belgilangan talablardan tashqari aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan maʼlumotlar ham boʻlishi kerak.
Islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bankning ustavida ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilganidan tashqari quyidagilar qoʻshimcha ravishda koʻrsatilishi kerak:
islomiy moliya operatsiyalarini amalga oshirish;
islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bankning islomiy moliya masalalarini muvofiqlashtiruvchi islomiy moliya kengashi (bundan buyon matnda bankning islomiy moliya kengashi deb yuritiladi) aʼzolarining soni, ularning vakolatlari va vazifalari;
bankning islomiy moliya kengashini tashkil etish tartibi va uning aʼzolariga nisbatan qoʻyiladigan talablar.
Bankning ustavi, unga kiritiladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar Markaziy bankda roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim.
Bankning ichki qoidalari, shuningdek ularga kiritiladigan keyingi oʻzgartish hamda qoʻshimchalar banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq ishlab chiqilishi hamda Markaziy bankka taqdim etilishi kerak.
