13-modda. Bankning ustav kapitali
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Bankning, bundan mikromoliya banki mustasno, ustav kapitalining eng kam miqdori:
2024-yil 1-apreldan eʼtiboran uch yuz ellik milliard soʻmni;
2025-yil 1-yanvardan eʼtiboran besh yuz milliard soʻmni tashkil etishi kerak.
Mikromoliya banki ustav kapitalining eng kam miqdori ellik milliard soʻmni tashkil etishi kerak.
Markaziy bank oraliq bank ustav kapitalining eng kam miqdorini ushbu moddaning birinchi qismida belgilanganidan kam miqdorda belgilashga haqli.
Bankning ustav kapitali Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasida shakllantiriladi hamda bank muassislari va aksiyadorlari kiritgan pul mablagʻlaridan yoki davlatning qimmatli qogʻozlaridan tashkil topadi, bundan quyidagi hollar mustasno:
bank aksiyalarini bankning kreditorlari orasida joylashtirish va bankning kreditorlar oldidagi pul majburiyatlari boʻyicha har qanday huquqlarini (talablarini) hisobga olish yoʻli bilan ularning haqini toʻlash;
qimmatli qogʻozlarni bank aksiyalariga ayirboshlash;
bankning joylashtirilgan bir turdagi aksiyalarini ushbu bankning boshqa turdagi aksiyalariga almashtirish.
Bankning ustav kapitalini shakllantirish uchun kreditga, garovga olingan mablagʻlardan, shuningdek majburiyat yuklatilgan boshqa mablagʻlardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Tashkil etilayotgan yoki qoʻshib yuborish, boʻlish va ajratib chiqarish shaklida qayta tashkil etilayotgan bank ustav kapitali ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan, bank tashkil etilayotgan yoki qayta tashkil etilayotgan kundagi bank ustav kapitalining eng kam miqdoridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi. Bunda bank ustav kapitalining eng kam miqdori bankni davlat roʻyxatidan oʻtkazish va litsenziya berish toʻgʻrisidagi ariza beriladigan paytgacha bank muassislari tomonidan shakllantirilgan boʻlishi kerak. Tashkil etilayotgan bankning ustav kapitaliga kiritilgan mablagʻlar bankda ochilgan jamgʻarma hisobvaragʻiga oʻtkaziladi, bundan bankni qayta tashkil etish yoki mikromoliya tashkiloti faoliyatini oʻzgartirish orqali tashkil etish hollari mustasno.
Mikromoliya tashkiloti faoliyatini oʻzgartirish orqali tashkil etilayotgan mikromoliya bankining ustav kapitalini toʻldirish uchun mablagʻlar mikromoliya tashkilotining hisobvaragʻiga kiritiladi.
