9-modda. Toʻlov tizimidagi tavakkalchiliklarni boshqarish tizimi
Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida (O‘RQ-578-son) · Sana: 01.11.2019 · Amalda
Toʻlov tizimidagi tavakkalchiliklarni boshqarish tizimi tavakkalchiliklarni aniqlash, monitoring qilish va boshqarish, shuningdek toʻlov tizimining uzluksiz ishlashini taʼminlash tartib-taomillarini belgilaydi hamda toʻlov tizimi operatorining faoliyatini tiklash rejasini oʻz ichiga oladi.
Toʻlov tizimidagi tavakkalchiliklarni boshqarish usullari toʻlov tizimini tashkil etish xususiyatlari, tavakkalchiliklarni boshqarish modeli, toʻlov kliringiga va hisob-kitobga oid tartib-taomillar, pul mablagʻlari oʻtkazmalarining soni hamda ularning summalari, yakuniy hisob-kitob vaqti hisobga olingan holda toʻlov tizimi operatori tomonidan belgilanadi.
Toʻlov tizimidagi tavakkalchiliklarni boshqarish tizimi tavakkalchiliklarni boshqarishning quyidagi usullarini nazarda tutishi mumkin:
tavakkalchilik darajasi hisobga olingan holda toʻlov tizimi ishtirokchilari majburiyatlarining eng yuqori miqdorlarini (limitlarini) belgilash;
bankdagi alohida depozit hisobvaraqda toʻlov tizimining kafolatli jamgʻarmasini tashkil etish;
toʻlov tizimi ishtirokchilarining farmoyishlari navbatma-navbat bajarilishini boshqarish;
toʻlov tizimida hisob-kitobni ish kuni davomida amalga oshirish;
hisob-kitobni toʻlov tizimi ishtirokchilari taqdim etgan pul mablagʻlari doirasida amalga oshirish;
kredit berish imkoniyatini taʼminlash.
