10-modda. Muhim toʻlov tizimi operatori
Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida (O‘RQ-578-son) · Sana: 01.11.2019 · Amalda
Muhim toʻlov tizimi operatori ushbu Qonunning 7-moddasida koʻrsatilgan shartlarga qoʻshimcha ravishda:
toʻlov tizimi ishtirokchilarining va toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchilarning ehtiyojlarini koʻrsatiladigan xizmatlar sifati ularni qanoatlantirishi nuqtai nazaridan tahlil qiladi;
toʻlov tizimi ishtirokchilari va toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchilar bilan ikki tomonlama aloqa mexanizmining ishlashini taʼminlaydi;
toʻlov tizimi ishtirokchilarining va toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchilarning qanoatlanganligi nuqtai nazaridan toʻlov tizimi faoliyatining samaradorligini hisobot yilida ikki tomonlama aloqa mexanizmi vositasida kelib tushgan murojaatlar va soʻrovlarni koʻrib chiqish natijalarini hisobga olgan holda tahlil qilish natijalarini oʻz rasmiy veb-saytida bir yilda bir marta, hisobot davridan keyingi birinchi chorakdan kechiktirmay eʼlon qiladi;
muhim toʻlov tizimining ishlashini oʻzini oʻzi baholashdan oʻtkazadi;
toʻlov tizimining tavakkalchiliklarni boshqarish organini tashkil etadi va tavakkalchiliklarni boshqarishning kamida ikki usulidan foydalanadi;
ichki hujjatlarida:
1) toʻlov tizimining tavakkalchiliklarini boshqarish organining ishlash reglamentini, shu jumladan uning vakolatlarini;
2) toʻlov tizimi ishtirokchilarining koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatiga boʻlgan ehtiyojlari qanoatlantirilishi baholanayotgan toʻlov tizimi ishining samaradorligini taʼminlash mezonlarini;
3) toʻlov tizimi ishtirokchilari bilan nizolarni sudgacha hal qilish tartibini belgilaydi.
Ushbu moddada koʻrsatilgan hujjatlar tasdiqlanganidan keyin uch ish kuni mobaynida muhim toʻlov tizimi operatori tomonidan oʻz rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
