45-modda. Farmoyishni taqdim etish
Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida (O‘RQ-578-son) · Sana: 01.11.2019 · Amalda
Farmoyish topshiriqnoma yoki talabnoma shaklida (toʻlov topshiriqnomasi, toʻlov talabnomasi, inkasso topshiriqnomasi va akkreditivga ariza) qogʻozda yoki elektron tarzda taqdim etilishi mumkin.
Farmoyishni qabul qilish, shuningdek inkasso topshiriqnomasini chaqirib olish toʻlovchining banki tomonidan operatsiya kuni davomida amalga oshiriladi.
Agar farmoyish operatsiya kuni tugaganidan keyin olingan boʻlsa, bunday farmoyish toʻlovchining banki tomonidan keyingi operatsiya kuni boshlanganda olingan deb hisoblanadi.
Farmoyishni taqdim etish yoki uni chaqirib olish, shuningdek uning bajarilishini toʻxtatib turish:
tegishli elektron aloqa kanallaridan va telekommunikatsiya tarmoqlaridan foydalangan holda elektron shaklda oʻtkazish orqali;
elektron aloqa kanallaridan va telekommunikatsiya tarmoqlaridan foydalanish imkoniyati boʻlmaganda elektron jismda;
toʻlov hujjatining asl nusxasini, uni chaqirib olish yoki uning bajarilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi koʻrsatmani qogʻozda taqdim etish orqali amalga oshiriladi.
Farmoyishni elektron usulda yoki elektron jismda taqdim etishga yoki chaqirib olishga, shuningdek uning bajarilishini toʻxtatib turishga Markaziy bank tomonidan belgilangan talablarga rioya etilgan taqdirdagina yoʻl qoʻyiladi.
Agar tashabbuskor bankning mijozi boʻlsa, tashabbuskor tomonidan bankka farmoyishni taqdim etish usullari, tartibi va shartlari ular oʻrtasidagi shartnomada aks ettiriladi. Agar tashabbuskor bankning mijozi boʻlmasa, tashabbuskor tomonidan farmoyishni taqdim etish Markaziy bank tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
