44-modda. Elektron pullarni qoplash
Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida (O‘RQ-578-son) · Sana: 01.11.2019 · Amalda
Elektron pullar emitenti tomonidan oʻzi chiqargan, elektron pullar egasi taqdim etgan elektron pullarni ularning nominal qiymati boʻyicha teng pul mablagʻlari summasiga almashtirish amalga oshirilishini nazarda tutuvchi toʻlov xizmati elektron pullarni qoplashdir.
Agar elektron pullar emitenti va elektron pullarning egasi boʻlgan jismoniy shaxs oʻrtasida tuzilgan shartnomada elektron pullar emitentiga yoki elektron pullar tizimi operatoriga vositachilik haqi nazarda tutilmagan boʻlsa, elektron pullarni qoplash elektron pullar emitenti tomonidan elektron pullarning egasi boʻlgan jismoniy shaxsning bank hisobvaragʻiga ularning nominal qiymati boʻyicha teng boʻlgan pul mablagʻlari summasini oʻtkazish yoxud unga naqd pul mablagʻlarini berish orqali amalga oshiriladi.
Agar elektron pullar emitenti va yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs oʻrtasida tuzilgan shartnomada boshqa muddat nazarda tutilmagan boʻlsa, elektron pullar emitenti yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs tomonidan jismoniy shaxslardan bitim boʻyicha toʻlov chogʻida olingan elektron pullarni qoplashni elektron pullar kelib tushgan kun davomida amalga oshiradi.
Yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs tomonidan olingan elektron pullar toʻlovchi boʻlgan jismoniy shaxsga pullarni oʻtkazishlar chogʻida qaytarish uchun ushbu Qonunda nazarda tutilgan asoslarga koʻra yoki bitim bekor qilingan taqdirda qoplanmaydi.
Agar elektron pullar emitenti yoki elektron pullar tizimining operatori va elektron pullar egasi oʻrtasida tuzilgan shartnomada elektron pullar emitentiga yoxud elektron pullar tizimining operatoriga vositachilik haqi nazarda tutilmagan boʻlsa, egalari yakka tartibdagi tadbirkorlar yoki yuridik shaxslar boʻlgan elektron pullarni qoplash ularning nominal qiymati boʻyicha teng pul mablagʻlari summasini yakka tartibdagi tadbirkorning yoki yuridik shaxsning bank hisobvaragʻiga oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.
