43-modda. Elektron pullardan foydalanish
Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida (O‘RQ-578-son) · Sana: 01.11.2019 · Amalda
Elektron pullarning egasi boʻlgan jismoniy shaxs elektron pullardan toʻlovlarni va elektron pullar tizimining qoidalarida belgilangan hamda Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid boʻlmagan shartlar asosida egasidan elektron pullarni elektron pullar tizimining boshqa ishtirokchisiga oʻtkazish orqali boshqa operatsiyalarni amalga oshirish maqsadida foydalanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilingan tovarlar, ishlar va xizmatlar uchun toʻlovlarni toʻlashda faqat Oʻzbekiston Respublikasi hududida chiqarilgan elektron pullar qabul qilinishi mumkin.
Yakka tartibdagi tadbirkor va (yoki) yuridik shaxs tomonidan elektron pullarni bitimlarni amalga oshirishda toʻlov sifatida qabul qilish elektron pullar emitenti yoxud elektron pullar tizimining ishtirokchisi boʻlgan boshqa bank bilan tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Bitimlarni tuzishda elektron pullar tizimidan elektron pullarni olgan yakka tartibdagi tadbirkor va (yoki) yuridik shaxsda elektron pullar emitentiga nisbatan qabul qilingan toʻlov summasidagi pulni talab qilish huquqi yuzaga keladi.
Elektron pullar emitenti va elektron pullar tizimining operatori elektron pullar tizimida firibgarlikni hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishni, terrorizmni moliyalashtirishni va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishni aniqlash, shuningdek ularning oldini olish maqsadida “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq tashkiliy hamda tartib-taomilga oid chora-tadbirlarni taʼminlash va joriy etish choralarini koʻradi.
Elektron pullar tizimining operatori “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablarining taʼsir doirasiga kiruvchi operatsiyalar haqidagi maʼlumotlarni jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha vakolatli organga taqdim etadi.
Elektron pullar emitenti jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha vakolatli organga bank hisoblanmagan elektron pullar tizimining operatorlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ular bilan tegishli shartnoma tuzilganidan keyin taqdim etadi.
