42-modda. Elektron pullarni chiqarish va realizatsiya qilish
Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida (O‘RQ-578-son) · Sana: 01.11.2019 · Amalda
Elektron pullarning emitenti elektron pullarni chiqarishni jismoniy shaxslardan yoki elektron pullar tizimining agentlaridan oʻz zimmasiga oladigan majburiyatlarning nominal qiymatiga teng boʻlgan summadagi pul mablagʻlarini olganidan keyin amalga oshiradi.
Elektron pullar emitenti oʻzi chiqargan elektron pullarni ularning nominal qiymatiga muvofiq milliy valyutada qoplash boʻyicha soʻzsiz va chaqirib olinmaydigan pul majburiyatlarini oʻz zimmasiga oladi.
Elektron pullarning emitenti Markaziy bankni elektron pullarni chiqarish boʻyicha faoliyatni boshlaganlik yoki tugatganlik toʻgʻrisida xabardor qiladi.
Elektron pullarning emitenti tomonidan elektron pullar egasidan elektron pullarni chiqarganlik uchun, shuningdek elektron pullar emitenti tomonidan koʻrsatiladigan qoʻshimcha xizmatlar uchun vositachilik haqi undirish elektron pullarni chiqarish, ulardan foydalanish va ularni qoplash toʻgʻrisida tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Elektron pullar emitenti va bu pullarning egasi boʻlgan jismoniy shaxs oʻrtasidagi munosabatlar ushbu Qonun va ular oʻrtasida tuzilgan elektron pullarni chiqarish, ulardan foydalanish va ularni qoplash toʻgʻrisidagi shartnoma bilan tartibga solinadi.
Elektron pullarni chiqarish, ulardan foydalanish va ularni qoplash toʻgʻrisidagi shartnoma tuzilguniga qadar elektron pullar emitenti yoki elektron pullar emitenti nomidan ish yurituvchi elektron pullar tizimining operatori elektron pullar tizimida ishtirok etmoqchi boʻlgan jismoniy shaxsga:
elektron pullar emitentining va elektron pullar tizimi operatorining nomi hamda joylashgan yeri (pochta manzili), shuningdek elektron pullar tizimining operatori bank hisoblanmagan hollarda esa uning litsenziyasi raqami toʻgʻrisida;
elektron pullardan foydalanish shartlari haqida;
elektron pullarni chiqarish, ulardan foydalanish va ularni qoplashda elektron pullar emitenti va (yoki) elektron pullar tizimining operatori tomonidan elektron pullar egasidan vositachilik haqini undirish tartibi va miqdori toʻgʻrisida;
eʼtirozlarni berish usullari va ularni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisida, shu jumladan elektron pullar emitenti yoki elektron pullar tizimining operatori bilan bogʻlanish uchun axborot taqdim etishi shart.
Elektron pullarni chiqarish, ulardan foydalanish va ularni qoplash toʻgʻrisidagi shartnomada quyidagilar boʻlishi kerak:
