41-modda. Elektron pullar tizimining operatori
Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida (O‘RQ-578-son) · Sana: 01.11.2019 · Amalda
Tegishli litsenziyaga ega boʻlgan va elektron pullar tizimining ishlashini taʼminlaydigan bank yoki boshqa yuridik shaxs elektron pullar tizimining operatoridir. Elektron pullar tizimining operatori elektron pullar emitenti bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq elektron pullar tizimining faoliyat koʻrsatish qoidalarini belgilaydi.
Elektron pullar emitenti va elektron pullar tizimining operatori oʻrtasidagi munosabatlar, agar operator elektron pullarning emitenti boʻlmasa, ushbu Qonun va ular oʻrtasida tuzilgan shartnoma bilan tartibga solinadi.
Elektron pullar tizimining operatori elektron pullar emitenti bilan tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq va elektron pullar emitenti tomonidan oʻziga berilgan vakolatlar asosida uning nomidan elektron pullar tizimida ishtirok etuvchi jismoniy shaxslar, elektron pullar tizimining agentlari, yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar bilan shartnomalar tuzishga haqlidir. Bunday holda elektron pullarning egasi tomonidan elektron pullar tizimining operatori bilan tuzilgan shartnomalar elektron pullar emitenti tomonidan chiqarilgan elektron pullardan bir tizim doirasida foydalanilganda elektron pullarning emitenti bilan tuzilgan shartnomalarga tenglashtiriladi.
Elektron pullar tizimining operatori elektron pullar tizimining ishlashini toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisidagi qonunchilikda hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan talablar va cheklovlarni hisobga olgan holda taʼminlashi shart.
Elektron pullar emitenti va elektron pullar tizimining operatori elektron pullarni chiqarish, ulardan foydalanish va ularni qoplash toʻgʻrisidagi shartnoma shartlariga muvofiq elektron pullarga ruxsatsiz ega boʻlish va (yoki) ulardan ruxsatsiz foydalanganlik, shuningdek elektron pullar emitentining dasturiy taʼminoti ishidagi yoxud elektron pullar tizimining faoliyat koʻrsatishidagi xatolar yoki uzilishlar oqibatida elektron pullar egasiga yetkazilgan zarar uchun elektron pullarning egasi oldida javobgar boʻladi.
